FAYL

FAYL — EHM (kompyuter)larda ma’lumot saqlanuvchi diskning nomlangan sohasi. O’z belgisi (nomi)ga ega bo’ladi. Diskka ma’lumotlarni boshqa bir yo’l bilan yozib bo’lmaydi: birgina harfni diskka yozish zarur bo’lsa ham, unga nom berib, Fayl ko’rinishida xotirada saqlash kerak. Fayllar matnli, fafikli (rasm, tasvir) va boshqa ma’lumotli bo’ladi. Fayllar ish jarayonida, masalan, matn yoki elektron jadval bilan ishlashda, yo bo’lmasa, bevosita foydalanuvchi tomonidan tashkil etiladi. Faylning asosiy belgilari — nomi, o’lchami (bayt hisobida), tashkil etilgan sanasi (kun, oy, yil), vaqti (soat va minut). Fayl asosiy nomga (DOS tizimida ko’pi bilan sakkizta belgi) va kengaytirgichga (ko’pi bilan uchta belgi) ega bo’lishi mumkin. Fayl nomi va kengaytirgichi bir-biridan nuqta bilan ajratiladi. Ular lotin alifbosining katta yoki kichik harflari, sonlar va timsollardan iborat bo’lishi mumkin. Faylni nomlashda uning kengaytirgichi berilishi shart emas, lekin fayl mazmuniga ko’ra kengaytirgich berilsa, uni ishlatish osonlashadi. Masalan, exe, . com — bajariluvchi fayllar; bat — buyruqli fayl; bas — Beysik dasturi fayli; pas — Paskal dasturi fayli; txt, doc — matnli fayllar; xls — elektron jadvalli fayl.