FAYNBERG ALEKSANDR ARKADEVICH

FAYNBERG ALEKSANDR ARKADEVICH (1939.2.11, Toshkent) — rus shoiri. O’zbekiston xalq shoiri (2004). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1965). O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi (1965-69). “Etyud” (1967), “Soniya” (1969), “She’rlar” (1977), “Olis ko’priklar” (1978). “Ijobat” (1982). “Qisqa to’lqin” (1983), “yoyma to’r” (1984), “Erkin sonetlar” (1990) va boshqa she’riy to’plamlar muallifi. Faynbergning she’riy ijodida o’tmish bilan hozirgi kun, G’arb bilan Sharq, milliylik bilan baynalmilallik o’zaro tutashib, o’ziga xos badiiy olamni vujudga keltiradi. Faynbergning lirik qahramoni tarixiy-ijtimoiy silsilalar asrida o’zining insoniy mohiyatini to’la saqlab qolgan, o’zgaga mehr-shafqat va madad qo’lini uzatishga tayyor, ayni paytda er kurrasida sodir bulayotgan noxush voqea va hodisalardan iztirob chekuvchi jo’mard insondir. Faynbergning she’riy ijodida rus va Yevropa shoirlarining eng yaxshi badiiy tajribalari sintezlashgan. Sharq mumtoz she’riyati an’analari ham uning ijodiy uslubiga begona emas. Faynberg ijodining muhim qismini badiiy tarjima tashkil etadi. O’zbek she’riyatini mukammal bilgan shoir Navoiy g’azallari, Erkin Voqidov, Abdulla Oripov, Omon Matchon va boshqa o’zbek shoirlarining she’r va dostonlarini rus tiliga tarjima qilgan. Faynberg stsenariysi asosida “O’zbekfilm” kinostudiyasida “mening akam”, “jazirama oftob tagida”, “Qandahorda toblanganlar”, “Tojikfilm” kinostudiyasida esa “jinoyatchi va oqlovchilar” va boshqa filmlar suratga olingan. Faynberg stsenariysi asosida 20 ga yaqin multfilmlar yaratilgan.