FAYOL ANRI
FAYOL ANRI (1841 — 1925) — frantsuz olimi va muxandisi, ilmiy boshqarish nazariyasi, menejment fani asoschilaridan biri. 30 yil (1888— 1918) mobaynida frantsuz tog’kon metallurgiya kompaniyasi (“Comamhaulf”) ning rahbari bo’lib ishlagan. 1918 yilda ma’muriy tadqiqotlar markazini tashkil etgan. Fayol boshqaruv faoliyatini boshqa faoliyat turlaridan ajratgan holda uni tashkil qilishning umumiy kridalarini ishlab chiqdi, birinchilardan bo’lib boshqaruv nazariyasining shakllanishiga asos soldi. U boshqaruv idorasi bajaradigan 5 ta ma’muriy funktsiyani: taxmin qilish, rejalashtirish, tashkil etish, muvofiqlashtirish, nazoratni ajratib ko’rsatdi. Boshqaruv vazifalari: 1) texnika (texnologiya) sohasidagi faoliyat; 2) tijorat faoliyati (resurelarni xarid qilish, tayyor mahsulotni sotish, ayirboshlash); 3) moliyaviy faoliyat (kapital qidirish va uni samarali ishlatish); 4) himoyaviy faoliyat (mulkni va shaxsni himoya qilish); 5) hisob-kitob sohasidagi faoliyat (taftish, molmulkni hisobdan o’tkazish, balans hujjatlarini yuritish, sarfxarajatni hisobga olish, statistika hisobotini amalga oshirish); 6) ma’murlik (shaxsiy tarkibga ta’sir ko’rsatish, vazifalar, buyruqlar berish, ishga Kabul qilish, ishdan bo’shatish). Fayol tashkiliy rejalashtirish masalasiga alohida e’tibor bergan. Asosiy asari 1916 yilda yozilgan “umumiy va sanoat ma’muriyati” kitobi. Fayol qarashlari boshqaruv tizimini yaratish va boshqaruv tarkibini shakllantirishning me’yoriy kontsepsiyasini asoslashga xizmat qiladi. Sadir Salimov.