FAYZULLAYEV OMONULLA
FAYZULLAYEV OMONULLA (1921.5.4, Toshkent) — faylasuf olim. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1981), falsafa fanlari doktori (1973), professor (1977). 2-jahon urushi qatnashchisi (1942-45). O’rta Osiyo universitetining fizikamatematika fakultetini tugatgan (1949). “Qizil O’zbekiston” gazetada adabiy xodim, O’zbekiston “bilim” jamiyatida bosh muharrir (1946-49). Toshkent temir yo’l transporti muhandislari inti nazariy mexanika kafedrasida katta o’qituvchi (1952-57), Respublika ilmiy-texnika informatsiyasi instituti direktori (1957-59). 1959 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Falsafa va huquq institutida bo’lim mudiri, yetakchi ilmiy xodim. Ilmiy asarlari qadimgi mutafakkirlarimizning jahon fani rivojlanishiga qo’shgan hissasini tadqiq qilishga, tabiatshunoslikning falsafiy muammolariga bag’ishlangan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1981). “Jasorat” medali (1995), “Do’stlik” ordeni (2003) bilan mukofotlangan. As: Problemi Protivorechiya v trudax klassikov estestvoznaniya i filosofii Sredney Azii, T., 1974; Muhammad alXorazmiy va uning ilmiy merosi, T., 1983; Klassicheskaya Nauka Sredney Azii i Sovremennaya mirovaya tsivilizasiya (pod. Red. P.K. Xabibullaeva i A.F. Fayzullaeva), T., 2000.