FE’L
FE’L — harakat bildiruvchi so’zlar turkumi va shu turkumga oid har bir so’z. Grammatikada “harakat” so’zi keng tushunchali bo’lib, nafaqat harakatni, balki holat yoki hodisani ham bildiradi, masalan: yugurmoq, sakramoq, yig’lamoq, uxlamoq, o’ylamoq, sevmoq, tinchimoq, qurimoq, ko’paymoq va boshqalar. Fe’llar lug’aviy ma’noga ega yoki ega emasligiga ko’ra 2 turga bo’linadi: mustaqil Fe’llar, yordamchi Fe’llar. Mustaqil Fe’llar, xuddi boshqa mustaqil so’z turkumlariga oid so’zlar kabi, lug’aviy ma’noga ega bo’ladi, gapning mustaqil bo’lagi vazifasida kela oladi va hokazolar. Yordamchi Fe’llar lug’aviy ma’noga ega bo’lmaydi. Ular turli yordamchi vazifalarda kelib, turli qo’shimcha ma’nolar ifodalash uchun xizmat qiladi. Yordamchi Fe’llar o’z vazifasiga ko’ra 3 asosiy turga bo’linadi: 1) fe’l yasash uchun xizmat qiluvchi yordamchi Fe’llar: qil, et, ayla, bo’l (qabul qilmoq, taklif etmoq, tamom bo’lmoq kabi); 2) Fe’lning analitik shaklini yasash uchun xizmat qiluvchi yordamchi Fe’llar (bular, odatda, “ko’makchi Fe’llar” deb yuritiladi). Fe’lning bunday shakllari turli grammatik, modal va b. ma’nolarni ifodalaydi: o’qib bo’ldi, ko’rib qoldi, qo’rqib ketdi va boshqalar; 3) bog’lama vazifasini bajaruvchi yordamchi Fe’llar. Masalan, qil, bo’l: sportchi bo’lmoq, o’qituvchi bo’lmoq. Hozirgi o’zbek tilida yordamchi Fe’llardan farklanuvchi “to’liqsiz Fe’l”(lug’aviy ma’nosini tamomila yo’qotgan, hoz. o’zbek tilida ma’lum bir grammatik ma’no va vazifalarda qo’llanuvchi Fe’l)ning edi, ekan, emish, esa shakllari ham qo’llanadi. Fe’l turkumi, boshqa so’z turkumlari kabi, o’ziga xos so’z yasalishi va shakl yasalishi tizimiga ega. Yasama Fe’llar la, lan, lash, lantir, lashtir affikslari hamda qil, et (ayla) yordamchi Fe’llari bilan hosil qilinadi: olqishlamoq, ruhlanmoq, birlashmoq, jabr qilmoq, ruxsat etmoq. Fe’llar o’ziga xos murakkab grammatik kategoriyalar tizimiga ega. Xususiy ma’nolari bilan o’zaro farklanuvchi, bir umumiy ma’nosiga ko’ra birlashuvchi shakllar tizimi Fe’lning Grammatik kategoriyalarini hosil qiladi. O’zbek tilida Fe’lning quyidagi grammatik kategoriyalari bor: nisbat kategoriyasi, bo’lishli-bo’lishsizlik kategoriyasi, mayl kategoriyasi, zamon kategoriyasi, shaxsson kategoriyasi. Nisbat kategoriyasi — harakatning sub’yekt va ob’yektga munosabatini ko’rsatuvchi grammatik kategoriya. Harakatning sub’yekt va ob’yektga munosabatini ko’rsatishiga ko’ra nisbat kategoriyasining 5 turi farqlanadi: bosh nisbat; o’zlik nisbati; orttirma nisbat; majhul nisbat; birgalik nisbati. Har bir nisbat shakli maxsus qo’shimcha yordamida yasaladi. Faqat bosh nisbat maxsus yasovchi (ko’rsatkich)ga ega emas. Bosh nisbat harakatning ega bilan ifodalangan shaxs yoki predmet tomonidan bajarilishini bildiradi: oldi, keldi, so’rayapti va boshqalar. O’zlik nisbati shakli (i) n, (i)l qo’shimchalari erdamida yasaladi va harakatning sub’yektning o’ziga ob’yekt sifatida qaratilganligini yoki sub’yektning o’zi doirasida yuzaga kelishini (bajarilishini) bildiradi: maqtanmoq, ko’rinmoq, tug’ilmoq va boshqalar. Orttirma nisbat shakli dir, ir, t affikslari erdamida yasaladi va ob’ektsiz Fe’lni ob’yektiv Fe’lga aylantiradi, ob’yektli Fe’ldan yasalganda esa unga yana ob’yekt qo’shilganini bildiradi: keltir, kuldir, ichir, o’qit va boshqalar. Majhul nisbat shakli (i)l, (i) n qo’shimchalari bilan yasaladi va asosiy e’tiborni harakatning bajaruvchisiga emas, balki ob’yekt bilan harakatning o’ziga qaratilishini bildiradi: keltirildi, tozalandi. Bu nisbat shakli ob’ektsiz (o’timsiz) Fe’llardan yasalganda, shaxssizlik ma’nosi ifodalanadi: (ko’prikdan) o’tildi, (mehmonga) borildi va boshqalar. Birgalik nisbati sh affiksi yordamida yasaladi va harakatning birdan ortiq shaxs tomonidan, birgalikda bajarilishini bildiradi: (yer) haydashdi, (meva) terishdi va boshqalar. Demak, nisbat shaklining o’zgarishi bilan harakatning sub’yekt yoki ob’ektga munosabatida o’zgarish bo’ladi. Bo’lishli bo’lishsizlik kategoriyasi — harakatning tasdiq yoki inkori ma’nosini ifodalovchi shakllar tizimi. Bu kategoriyaning o’zaro zidlik hosil qiluvchi 2 jihati bor: bo’lishlilik va bo’lishsizlik. Bo’lishli Fe’lning maxsus ko’rsatkichi yo’q (nol ko’rsatkichli). Bo’lishsiz Fe’l shakli esa ma affiksi erdamida yasaladi: keldi (bo’lishli shakl) — kelmadi (bo’lishsiz shakl). Bo’lishsizlik (inkor) ma’nosi “yo’q” so’zi va “emas” to’liqsiz Fe’li bilan ham ifodalanadi: borgani yo’q, borgan emas. Mayl kategoriyasi — harakatning voqelikka munosabatini so’zlovchi nuqtai nazaridan belgilovchi grammatik kategoriya. O’zbek tilida maylning quyidagi turlari bor: 1) buyruq-istak mayli: ayt, aytgin, ayting kabi; 2) shart mayli. Bu mayl shakli sa affiksi yordamida yasaladi: borsam, borsang, kursa kabi; 3) shartli mayl — bajarilishi shart ergash gapdan anglashilgan harakatning bajarilishiga bog’liq bo’lgan (shartlangan) harakatni bildiruvchi mayl. Bu mayl shakli (a) r edi, Masalan edi yordamida yasaladi va bu shakldagi Fe’l bosh gapning kesimi bo’lib keladi: vaqting bo’lsa, kinoga borar edik. Imkoning bo’lsa, bunday qiynalib yurmas eding; 4) maqsad mayli. Bu mayl shakli moqchi affiksi yordamida yasaladi va harakatni bajarish-bajarmaslik maqsadini bildiradi: so’ramoqchiman, o’qimoqchiman, aytmoqchi emasman; 5) ijro mayli — harakatholatni uning bajarilishi (ijrosi) bilan kar uch zamondan birida ifodalaydigan mayl. Bu mayl turi zamon va shaxs-son ko’rsatkichlari orqali shakllanadi: o’qidim, o’qiyapman, o’qiyman; ko’rganman, ko’rgansan, ko’rgan. Zamon kategoriyasi — harakatning nutq paytiga munosabatini bildiruvchi grammatik kategoriya. Harakatning nutq paytiga munosabatiga ko’ra Fe’lning 3 zamon turi farqlanadi: o’tgan zamon — keldi, oldim; hozirgi zamon — kelyapman, kelyapti; kelasi zamon — kelaman, olasan va boshqalar. Shaxsson kategoriyasi — harakatning 3 shaxs (so’zlovchi, tinglovchi, o’zga)dan biriga oidligi ma’nosini bildiruvchi grammatik kategoriya: keldi m (birinchi shaxs, birlik), keldik (birinchi shaxs, ko’plik), kelding (ikkinchi shaxs, birlik), keldingiz (ikkinchi shaxs ko’plik). O’zbek tilida Fe’lni ma’lum bir vazifaga xoslovchi shakllar ham mavjud. Bular: sifatdosh (q.), ravishdosh (q.), harakat nomi (q) shakllaridir. Bulardan tashqari Fe’lning turli modal ma’no, takror ma’nosi va boshqa ma’nolarni bildiruvchi shakllari ham bor. Ular maxsus qo’shimchalar, ko’makchi fe’llar yordamida hosil qilinadi: keta qol, ketib qoddi, keta ko’rmoq, turtkilamoq, qo’rqinqiramoq, kulimsiramoq va boshqalar. Fe’llar qanday grammatik shaklda qo’llanishiga qarab gapning turli bo’lagi vazifasida keladi. Masalan, mayl, zamon, shaxsson paradigmasiga mansub shakllardan birida qo’llanganda — kesim vazifasida; sifatdosh, ravishdosh shakllarida — aniqlovchi, hol vazifasida; harakat nomi shaklida esa ot turkumiga oid so’zlarga xos vazifalarda keladi. Azim Hojiyev.