FELETON

FELETON (Fransuzcha feuilleton < feuille — varaq, varaqa) — badiiypublisistik janr. Ijtimoiy qayot masalalarini satira va yumor vositasi bilan, ya’ni ijtimoiy kulgi asosida yoritadi hamda ijtimoiy tanqid uchun xizmat qiladi. Feleton deb dastlabki davrda matbuotda berilgan ijtimoiysiyosiy, adabiytanqidiy mavzudagi qiziqarli va alohida ajratib ko’rsatilgan materiallarga aytilgan. “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilgan ayrim adabiy mavzudagi materiallar, jumladan, shoir Mahtumquli va Ogahiy haqidagi maqolalar mazkur rukn ostida berilgan. Keyinchalik, jamiyat taraqqiy etishi bilan bu ruknda ijtimoiy xayotda uchraydigan nuqson va kamchiliklarni kulgi tanqidi ostiga oluvchi materiallar chop etila boshlagan. Feleton hajviy publitsistikaning alohida janri bo’lib, ijtimoiy hayotda muhim o’rin tutadi. Mazkur janrning asosiy vazifasi jamiyat hayotining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ishlab chiqarish va madaniy-ma’naviy tomonlarini qamrab olgan holda o’zida aks ettirish, mazkur sohalarda uchraydigan kamchilik, nuqson, ijtimoiy illatlarni fosh etish, bu kamchilik va nuqsonlarning tugatilishiga erishish, binobarin, jamiyat hayotining taraqqiyotiga ijobiy ta’sir kursatitshdan iborat. Feletonning tanqidiy maqola va boshqa janrlarga oid materiallardan farqi — uning hajviy publisistika qonuniyatlariga asoslanishi, ya’ni ijtimoiy kulgi, satira va yumor vositalariga tayanishidadir. Ijtimoiy kulgining xil va ko’rinishlari turlicha bo’lib, ular orasida kinoya, piching, hazil,y engil kulgi kabilar bilan bir qatorda zaharxandali kulgi, ijtimoiy masxaralash, grotesk (ataylab bo’rttirilgan kulgi) kabi hajv vositalari ham mavjud. Feletonda ijtimoiy kulgining ana shu serqirra usullaridan keng foydalaniladi. Feleton o’z oldiga qo’ygan maqsad va vazifasiga ko’ra 2 xil — ma’lum faktga asoslangan va umumiy Feleton bo’lishi mumkin. Ma’lum faktga asoslangan Feletonda hayotdan olingan aniq faktlar, muayyan odamlarning ijtimoiy nuqsonlari, faoliyatlaridagi kamchiliklari ko’rsatiladi (Furqatning “Hind nayrangbozi Yorkentda”, Abdulla Qodiriyning “Toshkent boylari” va boshqalar). Umumiy Feleton esa hayotdagi biror ijtimoiy illat, nuqson va muammolar haqida bo’lib, unda mazkur masalalar hajviy mushohada etiladi va tanqid qilinadi (Abdulla Qodiriyning “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, Abdulla Qahhorning “quyushqon” va boshqalar). Feleton yozilish uslubi jihatidan hikoya Feleton, publitsistik Feleton, Feleton sharh, Feleton taqriz, Feletonlar turkumi kabilarga bulinadi. Bularning har birida Feletonga xos umumiy xususiyatlar bilan birgalikda alohida tasviriy uslub, ijodiy yunalish mavjud. Feleton janrining Feleton reportaj, Feleton suhbat, Feleton kundalik va boshqa shakllari ham bor. Feleton nasriy bo’lishi b-n birlikda she’riy ham bo’lishi mumkin. She’riy Feleton badiiy adabiyotning muhim turi bulgan hajviy she’riyat talablariga javob berishi, shuningdek, o’zida publitsistik xususiyat ham kasb etishi, hayotda uchraydigan va ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan illatlarni kulgi, tanqid ostiga olishi lozim. Masalan, G’afur G’ulomning 30-yillarda yaratilgan “Qultiqlangan kalla to’g’risida qofiyali va’z” hajviy she’ri o’zbek xajviy publisistikasida yaratilgan birinchi she’riy Feleton bo’lgan. Hajviy publitsistikaning eng murakkab va mukammal asarlaridan biri — Feletonlar turkumidir. Bunday badiiypublisistik asarlar bir necha Feletonlardan tashkil topadi. Feletonlar turkumi ham ijtimoiy hayotning eng muhim masalalariga, ko’zga ko’rinarli illat va nuqsonlarini fosh etishga bag’ishlanadi va bir yoki bir necha mualliflar tomonidan yozilishi mumkin. Bunday hajviy-publitsistik asar feletonchidan hayotni chuqur kuzatishni, katta hajviy-publitsistik mahoratni talab qiladi. Ma’lum bir hajviy tip bilan bog’langan Feletonlar turkumi hajviy publisistikaning eng murakkab asarlaridandir. Bunday Feletonlar turkumiga Abdulla Qodiriyning “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo’lat tajang nima deydir?”kabi asarlari misol bo’la oladi. Mohir feletonchi to’qima obrazlar — Kalvak Maxzum va Toshpo’lat tajang obrazlari orqali o’z davrining ijtimoiy illatlarini ochib tashlagan. Hajviy publitsistikaning bu ijodiy an’anasi hozirgi o’zbek hajviy matbuotida ham qo’llanib kelmoqda. Feleton badiiy publitsistika janri bo’lganligi sababli, unda turli badiy vositalar, jumladan, badiiy to’qima ham ishtirok etadi. Ammo Feletonda badiiy to’qima adabiy asarlardagidan farkli ravishda cheklangan ko’rinishga ega. U Feletonning asosi bo’lib xizmat qilayotgan fakt va voqealardan, “qahramon”lar fe’l-atvorlarining mantiqidan kelib chiqishi lozim. Feletonda obraz muhim o’rin tutsada, badiiy adabiyot asarlaridan farqli ravishda, unda obraz publitsistik xarakterga ega bo’ladi. Jahon matbuoti tarixida Feleton janri muhim o’rin tutib kelgan. O’zbekistonda xam mazkur janrning tarixi uzok, zamonlarga borib taqaladi. Hali matbuot vujudga kelmasdan ilgari mazkur janrning funktsiyalarini yozma hajviy adabiyot bajarib kelganligi ma’lum. Alisher Navoiyning hayotdagi ijtimoiy adolatsizlik, zulm-zalolat va boshqa illatlarga qarshi qaratilgan asarlarini bu janrning o’sha davrdagi ko’rinishlari, deyish mumkin. Keyingi davrlarda ijod qilgan turdi Farog’iy, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy va boshqalarning o’z davridagi muhim ijtimoiy illatlarni fosh etgan hajvlarini mazkur janrning yorqin namunalari, deyish mumkin. O’zbekistonda dastlabki matbuot nashrlari paydo bo’lishi bilan Feleton janri matbuot janri sifatida ish ko’ra boshladi va tez suratlar bilan taraqqiy etdi. Ayniqsa, 20-asrning boshlarida maydonga kelgan jadid matbuoti sahifalaridan Feleton janri keng o’rin oldi va rivojlandi. Mazkur janrning vujudga kelishi va taraqqiy etishida Hamza, Tavallo, Cho’lpon va boshqa katta xizmat qildilar. A. Qodiriy 20-yillarning mohir Feletonchisi sifatida samarali ijod qildi. O’zbek hajvi ustalari Abdulla Qahhor, G’afur G’ulom ham mazkur janrning rivojiga salmoqli hissa qo’shdilar. O’zbekistonda 90-yillardan publitsistikaning boshqa janrlari qatorida Feleton janri ham keng rivojlandi, uning bir qator yangi turlari, jumladan, radiofeleton, telefeletonlar vujudga keldi. Muxtor Xudoyqulov.