FENOTIP
FENOTIP — organizmning barcha tashqi belgilari va xossalari yig’indisi. Fenotip genotip va tashki muhit sharoitlarining o’zaro ta’siri natijasida yuzaga chiqadi. “Fenotip” terminini Daniya genetigi V. Iogansen taklif etgan (1903). Fenotipda barcha genotipik imkoniyatlar ro’yobga chiqavermaydi, chunki bu jarayon muayyan sharoitda genotip namoyon bo’lishining xususiy bir holati hisoblandi. Shu sababdan hatto bir tuxumdan rivojlangan, genotipi bir xil bo’lgan egizaklar xar xil sharoitda o’sganida ularda sezilarli fenotipik farklarni kuzatish mumkin. Mikroevolyusiya jarayonida tabiiy tanlanish individlarning Fenotipi bo’yicha boradi. Shuning uchun populyatsiyalar ichida chegarasi genotip tomonidan belgilab beriladigan, keng reaktsiya normasiga ega bo’lgan individlar, yoxud qat’iy genotip bilan belgilanadigan, kerakli Fenotipga ega bo’lgan individlar tanlanadi. Genotipik o’zgaruvchanlik kuzatilmagan hollarda Fenotip bo’yicha tanlash natija bermaydi. Bunga V. Iogansenning sof liniyalarda o’tkazgan tanlash tajribasi yaqqol misol bo’ladi.