FEVRAL INQILOBI

FEVRAL INQILOBI (1917) Rossiyada samoderjaviega barham bergan inqilob. Fevral inqilobi harbiy mag’lubiyatlar va xo’jalikdagi vayrongarchilik bilan bog’liq ravishda mamlakatda iqtisodiy va siyosiy tanazzulning keskin kuchayishi oqibati edi. Oziq-ovqat yetishmasligi tufayli 23 Fevralda Petrogradda stixiyali tarzda urushga qarshi mitinglar boshlandi, u ish tashlashlar va namoyishlarga, kazaklar va polisiya o’rtasidagi to’qnashuvlarga, 24— 25 Fevralda esa yalpi ish tashlashga aylanib ketdi. 26 Fevralda qo’shinlarga qarshi janglar, 27 Fevralda yalpi ish tashlash qurolli qo’zg’olon darajasiga ko’tarildi, askarlar ommaviy tarzda qo’zg’olonchilar tomoniga o’ta boshladi. Qo’zg’olonchilar shaharning muhim joylarini, hukumat idoralarini egalladilar. Nikolay II taxtdan voz kechdi. Davlat dumasining muvaqqat komiteti tuzildi. Ishchi va soldat deputatlari Soveti saylandi. Muvaqqat komitet hukumat tuzdi. 1 mart kuni Moskvada, mart oyi davomida butun mamlakatda yangi hokimiyat o’rnatildi. Fevral inqilobi Turkiston o’lkasi musulmon aholisini siyosiy jihatdan uyg’otishda, demokratik o’zgarishlarga boshchilik qilmoqchi bo’lgan yangi kuchlarning siyosat maydoniga chiqishida muhim ahamiyat kasb etdi. Jadidlar vujudga kelayotgan milliy demokratik kuchlarning o’zagi bo’lishdi. Ular mintaqa tub xalqlarining taraqqiyoti va mustaqilligi to’g’risidagi o’z g’oyalarini Fevral inqilobi shiorlari b-n bog’lab, o’zlari e’lon qilgan printsiplarni amalga oshirishga faol kirishdilar. Toshkentda “Sho’roi Islom” 1917 yil 14 mart) tashkiloti tuzilib, Turkiston taraqqiyparvarlarining aksariyati uning atrofida birlatshtsi. Bundan tashqari, Toshkentda ishchi deputatlari Soveti (1917 yil 2 mart) ham tuzil gan edi. Turkiston o’lkasi general-gubernatori va Turkiston harbiy okrugi qo’mondoni general Kuropatkin, uning yordamchisi general Erofeev, okrug shtabining boshlig’i general Sivere o’z vazifalaridan chetlashtirilib, 31 martda uy kemog’iga tashlandi. Muvaqqat hukumat tomonidan 1917 yil 7 avgustda Turkiston o’lkasini boshqarish uchun 9 kishidan iborat Turkiston komiteta (raisi — kadet N. N. Shchepkin) tuzildi. Shuningdek, Butunturkiston musulmonlarining I qurultoyi (1917 yil 17— 21 aprel) da Turkiston o’lkasi musulmonlari Markaziy Kengashi (Kraymussovet) ham tuzilib, barcha milliy jamiyatlar, tashkilotlar va ittifoqlar birlashtirildi. 1917 yil bahorda Buxoro amirligi va Xiva xonligida ham siyosiy vaziyat keskinlashdi. Buxoroda 1917 yil aprel namoyishi bo’ldi va Xivada Idorai mashrutiya (1917 yil 5 aprel) tashkil topdi. Yosh buxoroliklar va yosh xivaliklar bu xonliklar hududida demokratik islohotlar uchun kurashdilar. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston Sovet mustamlakachiligi davrida], T.. 2000; Turkestan v nachale XX veka; k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Rajabov K,., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917-1924 yil), T., 2002. Qahramon Rajabov.