FIGURA

FIGURA (lotincha figura — tashqi ko’rinish, obraz) — 1) muayyan narsa-buyumlarning tashqi ko’rinishi, shakli; 2) inson tanasining ko’rinishi, qaddiqomat; 3) biror narsani harakat bilan bajarishda (raqs, gimnastikada, konkida uchish va boshqalarda) bajaruvchi shaxs egallaydigan, paydo qiladigan holat, ko’rinish; 4) geometriyada — tekislikdagi nuqtalar to’plami (chiziq, doira, burchak, kvadrat — yassi Figuralar) yoki fazodagi nuqtalar to’plami (konus, kub, piramida — fazoviy Figuralar); 5) haykaltaroshlik, rassomlikda — inson yoki jonivorlarning haykal yoki surat tarzidagi tasviri; 6) tilshunoslik va adabiyotshunoslikda — nutqning tasviriy ifodalari, iboralari — stilistik (uslubiy) Figuralar, masalan, antiteza, inversiya, mubolag’a va boshqalar; 7) shaxmatda — piyodalardan boshqa donalar (shoh, fil, ot kabilar)ning; karta o’yinida — katta qiymatli kartalar (valet, dama, shoh, tuz)ning umumiy nomi.