FILOGENEZ
FILOGENEZ (Yunoncha phylon — avlod, qabila va … genez), filogeneya — tirik organizmlar hamda ular taksonomik guruxlari: olam, tip (bo’lim), sinf, turkum (tartib), oila, avlod (turkum, urug’) va turlarning tarixiy taraqqiyoti. “Filogenez” termini nemis olimi E. Gekkel tomonidan fanga kiritilgan (1866). Biologiyaning Filogenez va uning qonuniyatlarini o’rganadigan bo’limi filogenetika deyiladi. Filogenezni tadqiq qilish evolyutsiyaning umumiy nazariyasini rivojlantirish, organizmlarning tabiiy sistemasini tuzish uchun zarur. Filogenetikaning xulosalari tarixiy geologiya uchun ham juda muhim. Gekkel Filogenezni tadqiq qilish uchun paleontologiya, solishtirma anatomiya va embriologiya dalillarini taqqoslovchi uchlik parallelizm metodini taklif etgan. Filogenetikada genetika, biokimyo, molekulyar biologiya, etologiya, biogeografiya, fiziologiya, parazitologiya dalillaridan keng foydalanilmoqda. Bu dalillar turdan yuqori bo’lgan har qanday taksonlar evolyusiyasi borishini katta aniqlik bilan tiklash imkonini beradi. Muhit sharoiti bir xil bo’lmagan, har xil biotik va abiotik omillar qurshovida turli guruhlardagi evolyutsion jarayonning borishini taqqoslash tarixiy taraqqiyotda katta guruhlarga xos umumiy xossalarni aniklash imkonini beradi. Guruhlar evolyutsiyasining barcha xususiyatlari individlarning morfofiziologik tomonlarini o’rganish asosida aniqlanadi. Aksariyat guruhlar Filogenezi adaptiv radiatsiyaga, ya’ni belgilarning dastlabki umumiy formadan Raduis bo’ylab har tomonga tarqalish xarakteriga ega. O’simlik va hayvonlar Filogenezi shajara daraxtini chizish yordamida tasvirlab beriladi. Shajara daraxti o’simlik va hayvonlarning umumiy bir ildizdan kelib chiqqanligi; turli xil formalar yerdagi hayot tarixining har xil davrlarda shoxlanish orqali asta-sekin taraqqiy etganligini aks ettiradi. Organizmlar filogenetik qayta tuzilishlarining adaptiv xarakterini belgilovchi asosiy kuch tabiiy tanlanish hisoblanadi. Filogenetik shajara barcha o’zgarishlarning birlamchi negizida divergentsiya va filetik evolyutsiya, so’ng esa parallelizm va konvergentsiya yotadi. Organizm har xil guruhlarining Filogenezi bir xilda o’rganilmagan, bu qazilma qoldiklarning har xil darajada saqlanganligi va mazkur guruhlarning qanchalik qadimiyligi bilan bog’liq. Umurtqali hayvonlar (ayniqsa, yuksak guruhlari) va yuksak o’simliklar Filogenezi, umurtqasiz hayvonlardan esa mollyuskalar, ignaterililar, bo’g’imoyoqlilar F.i nisbatan yaxshi, prokariotlar va tuban o’simliklar Filogenezi kamroq o’rganilgan.