FIRMA

FIRMA (italyancha firma — imzo) — korxona, kompaniya, xo’jalik va tijorat tashkilotlarining umumiy nomi. Xodimlar soni, mulk shakllari, huquqiy holati va boshqalarga ko’ra xilma-xil Firmalar bor. Firmalarda band bo’lgan xodimlar soni 2-3 kishidan 20-30 ming kishigacha bo’lishi mumkin. Firmalar barcha mulk turlari negizida davlat, kooperativ, shirkat, jamoa tashkilotlari va mahalliy davlat idoralari, milliy va chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tashkil etiladi. Ular quyidagi turlarga ajratiladi: affilirlangan (qo’shilgan) Firma — filial, sho”ba korxona shaklida yirikroq turdosh bosh korxona tarkibida faoliyat yuritadi; broker Firma — tijorat maqsadlarini ko’zlaydigan va mijoz topshirig’iga ko’ra va uning hisobidan vositachi sifatida faoliyat yuritadi; venchur Firma — kichik yoki o’rta investitsion Firma hisoblanib, ilmiy tadqiqotlar va muhandislik ishlanmalarini amalga oshiradi; investitsion Firma — investitsiyalash va qimmatli qog’ozlar bilan bog’liq operatsiyalarni o’tkazadi; injiniring Firma muhandislik maslahat ko’rsatishga ixtisoslashadi; innovatsion Firma — Firmaning ilmiy tadqiqot ishlari natijalari bazasida yangi texnologiyalarni yaratish uchun barpo etiladi; konsalting Firma — uning faoliyat sohasini maslahat xizmatlari ko’rsatish tashkil etadi; ishlab chiqarish Firmasi — aniq bir mahsulotni tayyorlash bilan shugullanadi; savdo Firmasi — savdo vositachilik faoliyati bilan shug’ullanadi; rieltor Firma — ko’chmas mulk sohasidagi amallarda qatnashadi. Hozirgi iqtisodiy hayotda Firmalarning asosiy qismi nisbatan kichik va mayda. Yirik Firmalar nisbatan mustahkam ishlab chiqarish, texnologik va xom ashyo bazasiga ega bo’lib, xalqaro mehnat taqsimotida faol ishtirok etadi, o’rtacha Firmalar kooperatsiyalangan hamda ixtisoslashgan qismlar va detallar ishlab chiqarish sohasida, shuningdek, umumiy texnologik va texnik infratuzilma sohasida faoliyat ko’rsatadi. Mayda Firmalar, asosan, tovarlar ishlab chiqarish va aholiga xizmat ko’rsatish bilan shugullanadi. O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida 236,4 mingga turli Firmalar faoliyat ko’rsatdi (2003). Ahmadjon O’lmasov.