FITOGORMONLAR

FITOGORMONLAR (fito… va gormonlar), o’stiruvchi moddalar — o’simliklarda hosil bo’lib, ularning o’sishi va meva hosil qilish jarayonlarini boshqarishda ishtirok etadigan yuqori fiziologik faol moddalar. O’simliklar hayvonlar kabi gormon ishlab chiqaradigan maxsus sekretor organlariga ega emas. Fitogormonlarga, odatda, auksinlar, gibberellinlar, tsitokinin (kinin)lar, fenoksiatsetat kislota hosilalari va boshqalar kiradi. Fitogormonlar 3 ta umumiy xossaga ega: 1) o’simlik organlaridan biri (yosh barglar, kurtaklar, ildiz va novda uchlari) da sintezlanadi va boshqa joylarga tashilib, bu yerda o’sish va ontogenez jarayonlarini kuchaytiradi; 2) o’simliklarda juda oz miqdorda sintezlanadi va ularning o’simlik hayotidagi ishtiroki deyarli sezilmaydi; 3) boshqa metabolitlar (jumladan, vitaminlar)dan farqli ravishda o’simliklarda organlar shakllanishi jarayonini tezlashtiradi. Masalan, gibberellinlar poya va mevaning o’sishini, auksinlar ildiz o’sishini, kininlar hujayraning bo’linish jarayonini kuchaytiradi. O’sish jarayonlarini sustlashtiradigan tabiiy o’sish ingibitorlari (masalan, abssiz kislota, etilen) alohida guruxlarni tashkil etadi. Abdukarim Zikiryoyev.