FITOPATALOGIK EKSPERTIZA
FITOPATALOGIK EKSPERTIZA – qishloq xo’jalik ekinlari urug’ligi va o’simliklardagi kasallik qo’zg’atuvchi mikroorganizmlarni dastlabki tekshirish. Asosan, kasallikka chalingan qishloq xo’jalik ekinlari namunalari va urug’lardagi kasalliklarni (qorakuya, gel’mintosporioz, gommoz, vilt va boshqalar) aniqlash uchun o’tkaziladi. Fitopatalogik ekspertiza vazifalari saprofit va parazit mikroorganizmlarning tur tarkibini, urug’likning zararlanish darajasini aniklash; ularni zararsizlantirish usullari (quritish, qizdirish, dorilash, yaroqsizlarini ajratib olish, fumigasiyalash va boshqalar) bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqish. Fitopatalogik ekspertiza tadbirlari bilan karantin inspektsiyasi shug’ullanadi. Fitopatalogik ekspertiza usullari: biologik usulda urug’lar steril sharoitlarda, aksariyat ozuqa muhitida undiriladi; mexanik usulda urug’larning zararlangani ko’zdan kechiriladi va urug’likni yuvib, suv mikroskopda tekshiriladi (bunda makrosporioz yoki alternarioz konidiyalarini topish mumkin); serologic usulda amaliy va nazariy masalalar — urug’lik va o’simlikning kasallik qo’zg’atuvchilari bilan zararlanganligi, zamburug’, bakteriya va viruslarning tur va irqi, o’simliklardagi yashirin virusli kasalliklar aniqlanadi. Urug’lik materialni jahon mamlakatlari o’rtasida ayirboshlash tobora kengayib borayotgan hoz. sharoitlarda Fitopatalogik ekspertiza alohida ahamiyatga ega. Ekinlarni mamlakatning yangi hududlariga joriy etishda ham Fitopatalogik ekspertiza muhim o’rin tutadi. Biron hududda hali uchramagan o’simlik kasalliklarining chetdan kelib qolishiga va xavfli kasalliklarning tarqalib ketishiga yo’l qo’ymaydigan karantin tadbirlari tizimida chetdan keltyrilayotgan o’simlik ob’ektlarining sog’lomlik holati Fitopatalogik ekspertiza orqali aniqlanadi. Mirakbar Zufarov.