FITRAT

FITRAT (taxallusi; asl ism-sharifi Abdurauf Abdurahim o’g’li) (1886, Buxoro — 1938,4,10, Toshkent) — yozuvchi, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos va siyosatshunos olim, davlat va jamoat arbobi. Birinchi o’zbek professor (1926). Mir Arab madrasasida tahsil ko’rgan. 1902-03 yillarda haj safari munosabati bilan Turkiya, Hindiston va Arabiston mamlakatlarida, taxminan 1906-08 yillarda esa Markaziy Rossiyaning Moskva, Peterberg singari shaharlarida bo’lgan. Shundan keyin Fitrat o’qishni davom ettirish istagida Turkiyaga borib, 1909-13 yillarda Istanbulda yashagan. Fitrat o’sha vaqtda Turkiyada kuchaygan yosh turklar harakati ta’sirida Turkiyadagi buxorolik yoshlar yordamida “Buxoro ta’limi maorif jamiyati”ni tuzadi. Jamiyat Buxoro va Turkiston maorifining olg’a siljishiga doir muhim ishlarni amalga oshiradi. Fitrat Turkiyada tahsil olish, ma’ruzalar o’qish bilan birga samarali ijod ham qilgan. 1909 yil Istanbulda uning fors tilida yozgan “munozara”, “Sayha” (“Na’ra”) she’riy majmuasi, 1912 yil esa “sayyohi hindi” (“bayonoti sayyoqi hindi”) asarlari nashr etilgan. Keyinchalik Fitratning millatchi, turkparast va islomparast yozuvchi sifatida qoralanishiga sababchi bo’lgan bu asarlar 20-asr boshlarida Turkistondagi milliy uyg’onish harakatining norasmiy dasturi bo’lib xizmat qilgan. Ayniqsa, “munozara” va “sayyohi Xindi” asarlari yoshlar dunyoqarashining keskin o’zgarishi va ularning jadidlar safiga kelib qo’shilishiga sababchi bo’lgan. Fitrat vataniga qaytgach, Buxoroning turli tumanlarida o’qituvchilik qilib, jadidchilik g’oyalarini keng targ’ib etdi. Yosh buxoroliklar harakatining mafkurachisi va g’oyaviy rahbarlaridan biriga aylandi. 1915 yildan esa yosh buxoroliklar harakatining so’l qanotiga boshchilik qildi. 1917 yil Fevral voqealaridan keyin jadidlarning Buxoro amirligidagi ahvoli murakkablashgach, Fitrat Samarqandga ko’chib borib, “Xurriyat” gazetasida muharrir bo’lib ishladi (1917-18). Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Fitrat shu yillarda “Ittihodi taraqqiy” tashkiloti eski Buxoro bo’limining raisi ham bo’lgan. Kolesoe voqeasi (1918 yil mart)dan keyin esa Toshkentga ko’chib kelgan. 1919-20 yillarda Afg’onistonning Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qilgan, “Chig’atoy gurungi” ma’rifiy-adabiy uyushmasini, shuningdek, “tong” jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga kirishgan. “Tong” jurnalining shiori bo’lgan: “miya o’zgarmaguncha boshqa o’zgarishlar negiz tutmas!» so’zlari Fitratning shu yillarda olib borgan faoliyatining maqsadmohiyatini to’la ifodalaydi. BXSR tashkil topishi bilan Fitrat 1921 yilda maorif, 1922 yilda xorijiya-tashqi ishlar noziri, xalq xo’jaligi kengashi raisi, miq va Xalq nozirlari sho’rosi raisining o’rinbosari va boshqa lavozimlarda xizmat qildi. U shu davrda BXSR mablag’i hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib o’qishi, Buxoroda Sharq musiqa maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyat tarixiga doyr xalq qo’lida sochilib yotgan noyob qo’lyozmalarni to’plashda tashabbuskor bo’ldi. Fitratning sa’yharakati bilan Buxoro jumhuriyatida turk (o’zbek) tili davlat tili deb e’lon qilindi; davlat teatri tashkil etilib, bu teatrda ishlash uchun Toshkentdan M. Uyg’ur va Cho’lpon, vaqf ishlarini boshqarish uchun esa M. Abdurashidxonov taklif etildi (1921). Ammo 1923 yil iyunda Moskvadan Ya.E. Rudzutak boshchiligida kelgan komissiya Fitratni ishdan olib, uni Rossiyaga “chaqirib olingan”, deb e’lon qildi va Fitrat 1923-26 yillarda Moskvaga borib, Sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutida ishladi. 1926 yilning oxiri — 1927 yilning boshlarida vataniga qaytgan Fitrat 1937 yilda hibsga olinguniga qadar Samarqanddagi Oliy pedagogika instituti hamda Toshkentdagi til va adabiyot intida ilmiy faoliyat olib bordi. Fitrat ijodini shartli ravishda 3 davrga bo’lish mumkin. Agar Fitrat 1909-16 yillarni tashkil etgan 1-davrda jadid ma’rifatparvari sifatida ijod qilgan bo’lsa, 1917 yil Fevral inqilobidan keyin Moskvaga surgun qilinguniga qadar bo’lgan 2-davrda Hurriyat va mustaqillik g’oyalari bilan to’yingan asarlar yozadi (1917-23). Sovet maxfiy xizmatining doimiy nazorati ostida yashagan Fitrat ijodining 3-davri (1923— 37)da asosan ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug’ullanadi. Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang. U yozuvchi sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, o’zbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, she’r tuzilishining isloh etilishi, realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bog’liq muhim ijtimoiy muammolarning o’zbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qo’shdi. She’riy ijodi. Fitrat zullisonayn yozuvchi bo’lib, adabiy faoliyatining dastlabki davrida asosan fors tilida ijod qilgan (“Sayha”). Fitratning bizga yetib kelgan o’zbek tilidagi she’rlari 1917 yil va undan keyingi davrga oid. Ma’lumki, Fevral inqilobidan keyin Turkiston xalkdarining mustaqillikka erishishlari uchun birdanbir tarixiy imkoniyat tug’ilgan. Fitrat shu davrda xalqni mustamlakachilik kishanlarini parchalab, istiklol uchun kurashga da’vat etuvchi she’rlar yozishga kirishgan. Ammo an’anaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday za – monaviy toyani ifodalash, xalqni oyoqqa qalqtirish va safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar she’riyatlarida shakllangan, o’zbek xalq og’zaki she’riyatida ayrim unsurlari bo’lgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi. Shoir “yurt qayg’usi” deb nomlangan bir she’r va 4 ta sochma yozib, ularda Hurriyat uchun kurash g’oyasini baralla kuyladi. Fitrat mazkur sochmalarida Turkistonni xurlangan va xorlangan ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiyda onani zulm asoratidan xalos etish uchun Amir Temur singari jahongirlar ruhiga murojaat etdi, xalqni erk va Hurriyat uchun kurash maydoniga da’vat etdi. U shu yillarda “Mirrix yulduziga”, “Sharq”, “Shoir” singari she’rlarini yaratib, ularda Turkistonni endi “qizil” mustamlakaga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuyg’usini ifodaladi. Fitrat barmoq vaznida yozilgan shu she’rlari bilan xalq og’zaki she’riyatining mulki bo’lgan barmoqni isloh etib, Cho’lpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bag’ishladi. “O’zbek yosh shoirlari” (1922) she’riy majmuasining tuzuvchisi va asosiy muallifi. Afsuski, Fitrat bu she’rlaridan keyin she’riyat sohasida qariyb ijod qilmadi. Nasriy ijodi. O’tgan asrning 10-yillarida sahna asari sifatida namoyish etilgan “munozara” Fitratning nasrdagi ilk asaridir. “Munozara” ham, “sayyohi hindi” ham Fitrat publisistikasining erqin namunalaridan. Fitrat keyinchalik ham ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy hamda estetik qarashlarini ifodalashda publisistikadan samarali foydalandi. Faqat 20-yillarning o’rtalariga kelibgina u “sof” nasriy asarlarni yarata boshladi (“Qiyomat”, “Me’roj”, “oq mozor”, “Zayd va Zaynab”, “Zahroning imoni” va boshqalar). “Munozara” va “sayyohi hindi” asarlarida ko’tarilgan milliy qoloqlik, diniy fanatizm mavzusi 20-yillar uchun ham dolzarb ahamiyatga ega edi. Fitrat bu hikoyalarida diniy syujetlardan din ta’siriga qarshi kurashda foydalandi. Bu asarlar, ayniqsa, 1930 yilda qayta ishlagan “Qiyomat” xayoliy hikoyasi hozirgi o’zbek adabiyotida fantastikaning tug’ilishi va shakllanishida milliy manba bo’lib xizmat etdi. Dramaturgiyasi. Fitrat 1916 yildan boshlab teatr uchun ko’plab asarlar yaratdi. Ammo uning nafaqat 1916-18 yillarda yozgan “Begijon”, “qon”, “Abo Muslim”, “Temur sag’anasi”, “O’g’izxon” singari pesalari, xatto 30-yillarda yozgan “to’lqin” opera librettosi (1934) ham bizga yetib kelmagan. Ma’lumki, Fitratning 5 pardali “Begijon” pyesasida dehqonlarning xon zulmiga qarshi ko’targan isyonlari tasvir etilgan, “Temur sag’anasi” pesasida esa muallifning “yurt qaygusi (Temur oldinda)” sochmasidagi istiqlol uchun kurash g’oyasi o’zining badiiy tajassumini topgan. Fitrat shu yillarda yozgan boshqa sahna asarlarida ham tarixiy o’tmishga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib brogan g’ayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zo’ravonlikka asoslangan “yangi tuzum”ni keskin qoralagan. Fitrat ijodining shu davrdagi yetakchi motivi — bolshevizmga qarshi istiqlol uchun kurash goyasi “chin sevish” (1920) va “Hind ixtilolchilari” (1923) pesalarida, ayniqsa, yorqin ifodalangan. Dramaturg Turkistonda Sovet hokimiyati yillarida sodir bo’layotgan fojiali voqealarni Angliyaning mustamlakasi bo’lgan Hindistonga ko’chirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind ixtshyulchi (istiqlolchi)lari siymosida, ma’lum ma’noda, o’z vatandoshlari obrazini yaratdi. J. Neruning e’tirof etishiga ko’ra, Fitratning bu asarlari hind xalqining mustamlakachilikka qarshi olib borgan kurashiga kuch va madad bergan. Fitrat Moskvadalik paytida “Abulfayzxon” va “Shaytonning Tangriga isyoni” (1924), ona yurtiga qaytganidan keyin esa “Arslon” (1926), “sho’rishi Vose” (“Vose qo’zg’oloni”, 1927), “to’lqin” pyesalarini ezdi. Bu asarlar orasida “Abulfayzxon” o’zining shekspirona epik ko’lami bilan alohida ajralib turadi. Mazkur pyesa asosida Ashtarxoniylar sulolasining so’nggi vakili Abulfayzxon saltanatining tanazzuli (18-asr) natijasida Buxoroda Mang’it amirlarining hokimiyat tepasiga kelishlari bilan bog’liq tarixiy voqealar yotadi. Fitratning olis tarixiy davrga nazar tashlashdan maqsadi “podsholik qon bilan sug’orilgan bir og’ochdir, qon oqib turmagan yerda bu daraxtning qurib qolishi aniqtsir” degan “falsafa” bilan yashagan va o’zi ham shu g’ayriinsoniy “falsafa”ning qurboni bo’lgan Abulfayzxon singari qonxo’r podsholarni tarix qa’ridan olib chikib, xalqqa ko’rsatishdir. Fitrat bu asari bilan bolsheviklar tuzumi 20-asrning Abulfayzxoni — Stalinni yaratishi va uning bepoyon mamlakatni qonga botirishini bashorat etdi. Shu ma’noda mazkur tragediya Fitrat zakosi bilan yaratilgan xalqni ogohlantiruvchi asardir. “Abulfayzxon”ning badiiy qimmati shundaki, Fitrat asarda shekspirona qabartma tip va xarakterlarni yaratdi, zulmga asoslangan saltanat tojining otadan bolaga o’tib kelishi natijasida paydo bo’luvchi qonli oqibatlarni haqqoniy tasvirladi. Fitrat bu asari bilan o’zbek adabiyotida tragediya janriga asos solib, mazkur janrning asosiy tamoyillarini belgilab berdi. Ijtimoiy huquqiy, diniy va ma’rifiy asarlari. Fitrat ilm-fan va ma’rifatning turli sohalarida ham teran iz qoldirdi. U 1914—16-yillardayoq”rahbari najot” (“najot yo’li”), “oila” va “Mavludi sharif yoki Mur’oti xayr ulbashar”, 1917-20 yillarda “o’qu” (“o’quv”), “Sharq siyosati” va “Yig’la, Islom”, 1925 yilda esa “muxtasar Islom tarixi” singari asarlarini e’lon qildi. Fitrat mazkur asarlarida, bir tomondan, shu yillarda ro’y bergan siyosiyijtimoiy masalalarga munosabatini ifodalagan bo’lsa, ikkinchi tomondan, musulmon olami uchun o’z ahamiyatini yo’qotmaydigan yoki muayyan tarixiy davrda saqlanib qoladigan ma’naviy va ma’rifiy qadriyatlarni tushuntirib berdi. Fitrat bu asarlarida millatning nafaqat siyosiy-ijtimoiy, balki diniy-ma’rifiy masalalarda ham yetarli darajada bilimga ega bo’lmaganini e’tiborga olib, har bir musulmonning bilishi lozim bo’lgan bir qator masalalarga yorqinlik bag’ishladi. Fors tilida yozilgan “rahbari najot” risolasida tafsir, hadis, fiqh, kalom ilmlari, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar to’g’risida aniq tasavvur berdi; avlod, badan, fikr, axloq tarbiyasiga oid falsafiy-etik qarashlarini olg’a surdi. Fitratning “oila” risolasida esa oilaning jamiyat va inson hayotidagi rolini oshirishga, oila a’zolarining huquqiy me’yorlarini belgilashga qaratilgan fikr va mulohazalari yanada rivojlantirildi. Fitratning maktab o’quvchilariga mo’ljallangan “o’qu” (“o’quv” 1917 y., Boku) qo’llanmasi Vatan, dunyo, tabiiyot, tibbiyot va gigiena singari masalalar, shuningdek, o’tmishda yashagan allomalar haqida tasavvur beradi (noma’lum sabablarga ko’ra, ushbu qo’llanmaning 2-qismi yozilmagan). Fitrat huquqiy davlat qurish va uning rivojini ta’minlash maqsadida 1918 yilda yosh buxoroliklar partiyasining 13 bobdan iborat dasturini yozib berdi. Bu dasturda olimning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari o’zining chuqur ifodasini topdi. Tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid asarlari. Fitrat o’zbek tilining grammatikasini o’rganish ishini boshlab bergan va shu soha rivojiga katta hissa qo’shgan. U 1918 yilda Q. Ramazon va Sh. Rahimiy bilan hamkorlikda “ona tili” darsligini yaratdi. 1921 yilda Toshkentda bo’lib o’tgan til va imlo qurultoyida Fitrat o’zbek tilining sofligini ta’minlash va rivojlantirishga qaratilgan bir qancha takliflarni o’rtaga tashladi. U 20-yillarda o’zbek tili tabiatini o’rganishda davom etib, “O’zbek tili qoidalari to’g’risida bir tajriba: sarf” (1925), “O’zbek tili qoidalari to’g’risida bir tajriba: Nahv” (1926) darsliklarini yaratdi va bu darsliklar 1930 yilga qadar bir necha marta nashr etildi. Olim o’zbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bag’ishlangan bu asarlari bilan o’zbek tili grammatikasini ilmiy asosda o’rganish ishiga tamal toshini qo’ydi. Fitratning tilshunoslik sohasidagi katta xizmatlaridan yana biri uning 20-yillarda qadimgi turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayangan holda, ilmiy-madaniy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha hamda hodisalarni ifodalash uchun o’zbek tilining lug’at fondiga yangi so’zlar va atamalarni ko’plab olib kirganligidadir. Olim “eng eski turk adabiyoti namunalari” (1927), “O’zbek adabiyoti namunalari” (1J., 1928) tazkiralarini tuzib, milliy adabiy merosimizning eng qadimgi davrdan so’nggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini to’plab, muayyan tizimga soldi (“namunalar”ning 2-jildi e’lon qilinmay qolgan), “Qutadg’u bilig” singari o’zbek yozma adabiyotining xalq orasida sochilib yotgan noyob yodgorliklarini qo’lga kiritish, o’rganish va chop etishga intildi. O’zbek adabiyoti yirik namoyandalari ijodini ilk bor o’rganib, “Bedil” (bir majlisda)” (1923), “Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni to’g’risida”, “Qutadg’u bilig” (1925), “Ahmad Yassaviy” (1927), “Yassaviy maktabi shoirlari to’g’risida tekshirishlar”, “Hibbat ulhaqoyiq”, “O’zbek shoiri turdi” (1928), “XVI asrdan so’ngra o’zbek adabiyotiga umumiy bir qarash”, “Muhammad Solih”, “Fors shoiri Umar Xayyom” (1929), “Mashrab”, “Farhodu Shirin” dostoni to’g’risida” (1930) kabi katta ilmiy qimmatga ega risola va maqolalar yaratdi. Fitrat bu tadqiqotlari bilan o’zbek adabiyotshunoslik faniga poydevor qo’ydi. “She’r va shoirlik” (1919), “adabiyot qoidalari” (1926), “san’atning manshai” (1927), “Aruz haqida” (1936) singari maqola va risolalari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos soldi. Bundan tashqari, Fitrat tarixshunoslik va sharqshunoslik sohalariga oid fors tilida maqola va risolalar ham yozdi (“Amir Olimxonning kechmishi”, 1930). 1921 yil B. Soliyev va B.S. Sergeyev bilan birgalikda amirga qarashli Nodir qo’lyozmalar, vaqf hujjatlarini yig’ish, ularga tartib va tavsif berishda ishtirok etdi. B.S. Sergeyev bilan birgalikda V. L. Vyatkin arxivida saklangan qozilarga oid hujjatlarni o’rganib, rus tilida “Kaziyskie dokumenti XVI veka” (1937) kitobini nashr etdi. San’atshunoslikka oid xizmatlari. Fitrat 1921 yilda Sharq musiqa maktabini tashkil etib, uning birinchi direktori bo’lgan. Maktabga mumtoz musiqa bilimdonlari (sozanda va xonandalar) bilan birga V. A. Uspenskiy singari musiqashunoslarni ham taklif etdi. U shu vaqtdan boshlab “Shashmaqom” kuylarini to’plash va notaga yozib olish ishlariga rahbarlik qildi. Fitrat tashabbusi bilan ota Jalol va ota G’iyosdan Buxoro Shashmaqomi V. Uspenskiy tomonidan ilk bor notaga olinib nashr etildi [Shest muzikalnix Poem (makom), Buxaram., 1924]. F. “Shashmaqom”, “O’zbek musiqasi tug’risida” maqolalari va “O’zbek klassik musiqasi ham uning tarixi” (1927) risolasi bilan 20-asr o’zbek musiqashunoslik fanini boshlab berdi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, 1991 yil 25 sentabrda Fitratga (vafotidan keyin) Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi davlat mukofoti beridtsi. Buxoro shahrida Fitrat bog’i va uymuzeyi tashkil etildi. Buxoroda Fitrat haykali o’rnatilgan. Respublikadagi bir necha maktab, ko’cha va xo’jaliklar Fitrat nomi bilan ataldi. As: Qiyomat, T.,1967; muxtasar Islom tarixi, T., 1992; Amir Olimxonning hukmronlik davri, T., 1992; Bedil, T., 1996; chin sevish, T., 1996; adabiyot qoidalari, T., 1995; aruz haqida, T., 1997; oila yoki oila boshqarish tartiblari, T., 1998; najot yo’li, T., 2001; tanlangan asarlar, 1—3 jildlar T., 20002003; Ad.: Aliev A., Abdurauf Abdurahim o’g’li Fitrat, T., 1984; Fidoyilar, T., 1990; Qosimov B., Maslakdoshlar. Behbudiy. Ajziy. Fitrat, T., 1994; G’aniev I., Fitrat, e’tiqod, ijod, T., 1994; G’aniev I., Fitratshunoslik, Buxoro, 1994; Boltaboev H., Abdurauf Fitrat, T., 1996; Boltaboev H., Fitratning ilmiy merosi, T., 1996; Qurbonova M., Fitrat — tilshunos, T., 1996; Ergasheva M., Abdurauf Fitrat — buyuk huquqshunos, T., 2001; Kosim o v B., Milliy uyg’onish, T., 2002. Naim Karimov.