FIVA
FIVA — Beotiyadagi qadimgi yunon shahri. Rivoyatlarga ko’ra, Fivaga afsonaviy Kadm asos solgan, fivaliklar ajdodlari — Kadm tomonidan ajdarho tishlarini sochib yuborilishidan unib chiqqan odamlar bo’lgan. Fivaning qadimligi Egey madaniyati yodgorliklari bilan isbotini topadi. Miloddan avvalgi 6-asrga kelib Fiva qadimgi qabilaviy va diniy ittifoqdan vujudga kelib, Beotiyaning deyarli barcha shaharlarini birlashtirgan Beotiya Ittifoqiga boshchilik qilgan. Fivada hukmron bo’lgan urug’-zodagonlari Yunonfors urushlari (miloddan avvalgi 500-449) davrida forslarni qo’llab-quvvatlagan va miloddan avvalgi 431-404 yillardagi Peloponnes urushi davrida Sparta tomonidan turib Afinaga qarshi bo’lgan. Korinf urushi (miloddan avvalgi 395-387) davrida Fiva bosh bo’lgan beotiyaliklar afinaliklarni qo’llab-quvvatlashgan. 387 yil Antalkid sulhiga ko’ra, Beotiya Ittifoqi tarqatib yuborilgan; Fiva va Beotiyaning boshqa shaharlarida Sparta yordamida o’ta reaktsion oligarxik hukumatlar qaror topgan. 379 yil oligarxlarni ag’darib tashlab, Fivadagi hokimiyat tepasiga Pelopid va Epaminond boshchilik qilgan demokratlar kelgan. Beotiya Ittifoqi qayta tuzilishi bilan Yunonistonning eng yirik siyosiy kuchiga aylangan. 371 yil (Levktra yonida) va 362 yil (Mantineya yonida) Epaminond boshchiligidagi fivaliklar qo’shini spartaliklarni mag’lubiyatga uchratgan. Biroq, Sparta bilan bo’lgan qonli urush Fiva va ittifoqning barcha shaharlarini shu qadar holdan toydirganki, 362 yildan so’ng ular o’z ahamiyatini yo’qotgan. 338 yil Fiva Makedoniya tomonidan bosib olingan, 335 yil Makedoniyaga qarshi qo’zg’olon bostirilgach, shahar butkul vayron qilingan. Miloddan avvalgi 315 yil Fiva qisman tiklangan, lekin muhim siyosiy rol o’ynamagan. Qadimgi Fiva o’rnida hozirgi Gretsiyaning Fiva shaharchasi joylashgan.