FONETIKA
FONETIKA (Yunoncha phonetikos — tovushga, tovush chiqarishga oid; tovushli, ovozli) — 1) tilshunoslikning nutq tovushlarining hosil bo’lish usullarini va akustik xususiyatlarini; bo’g’in, nutqning pauza bilan ajraluvchi qismlarini o’rganuvchi bo’limi. Shu bilan birga, ayrim tilshunoslar Fonetika doirasiga tovush birliklarining yozuvdagi ifodalari (grafika) va ma’noli birliklarning yozilish qoidalari (imlo)ni ham qo’shib, uning o’rganish ob’ektini yanada kengaytiradilar (rus olimi L. V. Shcherba). O’zbek tilshunosligida Fonetika doirasida, asosan, nutq tovushlari [ularning artikulyatsion, akustik, perseptiv (psixofonetik) va funktsional tomonlari| va ohang (bo’g’in, sintagma, urg’u va boshqalar) o’rganiladi. Nutqning tovush tomoni segment (lotincha segmentum — qirqim, parcha, bo’lak) va ustsegment (supersegment) birliklarga bo’linadi. Segment birliklar ketmaket joylashadi (bir vaqtning o’zida 2 ta tovushni talaffuz qilib bo’lmaydi). Shuning uchun ularni silsilali yoki ketmaket birliklar deyish mumkin. U stsegment birliklarga urg’u va ohang (intonasiya) kiradi. Bu birliklar segment birliklar ustiga qo’yiladi va ularga turlicha tus beradi. Har qanday nutq tovushi, avvalo, nutq a’zolarining harakati tufayli talaffuz etiladi, ya’ni fiziologik xususiyatga ega. Ikkinchidan, u havoning ma’lum elastik jismni tebratishidan hosil bo’ladi; demak, uning akustik (fizik) jihati bor. Uchinchidan, muayyan so’z va morfemaning ma’no tomoni bilan tovush qobig’i birgalikda inson ongida shakllanadi, zero inson ma’lum tovushlar majmuini eshitish bilan qabul qilar ekan, ushbu majmu zaminidagi ma’noni idrok etadi, bu perseptiv (psixofonetik) xususiyat sanaladi. Va nihoyat, eng muhimi, nutq ma’lum vazifani bajaradi, binobarin, funktsional qimmatga ega. Nutq tovushlari yuqoridagi xususiyatlariga ko’ra turli nuqtai nazardan o’rganilishi mumkin. Fonetika tilning tovush tizimini qaysi jihatdan o’rganishi (maqsadi) nuqtai nazaridan quyidagi turlarga bo’linadi: umumiy Fonetika; tarixiy (diaxron) Fonetika; tasviriy (sinxron) Fonetika; qiyosiy Fonetika; eksperimental Fonetika. Yuqoridagilar bilan birga xususiy Fonetika ham ajratiladiki, unda barcha fonetik xususiyatlar aniq bir til misolida o’rganiladi. Umumiy Fonetika barcha tillar uchun umumiy bo’lgan fonetik xususiyatlarni (nutq tovushlarining hosil bo’lishi, ularning universal tasnifi, tovushlarning birikish qonuniyatlari, yondosh tovushlardan birining ikkinchisiga ta’siri va boshqalarni) o’rganadi. Umumiy Fonetika xususiy Fonetika materiallariga asoslanadi. Tarixiy Fonetika tilning fonetik tizimini tarixiy taraqqiyotida, rivojlanish jarayonida o’rganadi. Tasviriy Fonetika esa muayyan til fonetik tizimining hoz. holatini o’rganadi. Qiyosiy Fonetika ikki til fonetikasini, qarindosh tillar tovush tizimini bir-biriga qiyoslabo’rganadi. Eksperimental Fonetika nutqtovushlarini, fonetik hodisalarni ma’lum texnik vositalar yordamida o’rganadi. Nutq tovushlarining hosil bo’lish mexanizmini o’rganish 17-asrda boshlangan bo’lib, bu hol karsoqovlarni o’qitish ehtiyojidan kelib chiqqan (ispaniyalik X. P. Bonet, angliyalik J. Uilkins, niderlandiyalik I. Amman asarlari). Tilning tovush tomonini har jihatdan lintvistik nuqtai nazardan o’rganish birinchi marta nemis olimi E. Ziversning “tovush fiziologiyasi asoslari” (1876, 2-nashri “fonetika asoslari” deb nomlanadi, 1881) asarida kuzatiladi. Rossiyada umumiy Fonetikaning rivojiga I. A. Boduen de Kurtene va uning shogirdlari V.A. Bogorodiskiy va L. V. Shcherbalar o’z asarlari bilan muhim hissa qo’shdilar. Fonetika tilning boshqa sohalari b-n bog’liq, chunki tovush, urg’u va ohangsiz bo’g’in, so’z, so’z birikmasi va ran bo’lmaydi. Shu tufayli Fonetika leksika, morfologiya, sintaksis va stilistika bilan bog’liq til bosqichi deb qaraladi. O’zbek tili Fonetikasi ham chuqur o’rganilmoqda. O’zbek tilining tasviriy F.sini tadqiq qilishda V. V. Reshetov, Sh. Shoabdurahmonov, F. Abdullaev, A. G’ulomovlar; o’zbek tili Fonetikasini 60-yillar oxiridan eksperimental o’rganishda A. Mahmudov va S. Otamirzaevalar; o’zbek tilining tarixiy Fonetikasini o’rganishda F. Abdullaev, G’. Abdurahmonov, A. Rustamov, Q. Mahmudov, H. Ne’matov, E. Umarovlarning xizmatlari katta. Fonetika fonologiya bilan uzviy bog’liq. 2) ma’lum tilga xos tovushlarning akustik va artikulyatsion (fiziologik) xususiyatlari, muayyan tilning fonetik tuzilishi. Mas, o’zbek tili fonetikasi. Ad.: Matusevich M. I., Vvedenie v obtshuyu fonetiku, M., 1959; Reshetov V. V., Uzbekskiy yazik, ch. 1. Vvedenie. Fonetika, T., 1959; xozirgi o’zbek adabiy tili, 1J., T., 1966;Baskakov N. A., Sodiqov A. S, Abduazizov A. A., Umumiy tilshunoslik, T., 1979; hozirgi o’zbek adabiy tili, 1qism, T., 1980; Sravnitelnoistoricheskaya grammatika tyurkskix Yazikov. Fonetika, M., 1984; Ne’matov H., O’zbek tilining tarixiy fonetikasi, T., 1994; Reformatskiy A.A., Vvedenie v yazikovedenie, M., 1998. Abduhamid Nurmonov.