FRIZ TILI
FRIZ TILI — german tillarining g’arbiy guruhchasiga mansub, Niderlandiyaning Frislandiya viloyatida, G’arbiy Friz orollarida va Germaniyaning quyi Saksoniya (Zaterland) yerida, Shlezvig shimoli g’arbida, shimoliy Friz orollarida, Gelgoland orolda tarqalgan til; asosan, og’zaki muloqot tili sifatida qo’llanadi. So’zlashuvchilarning umumiy soni Niderlandiyada 400 ming, Germaniyada 20 ming kishidan ortiq (o’tgan asrning 90-yillari). Friz tili lahjalari 3 ta: g’arbiy (Frislandiya), Sharqiy (Zaterland) va shimoliy (Shlezvig). Frislandiya shaharlarida “shahar Friz tili”varianta — Niderlandiya tilining sezilarli ta’siri bo’lgan variant tarqalgan. Genetik jihatdan qadimgi ingliz tili bilan uzviy bog’liq. Friz tilining fonologik tizimida vokalizm ancha rivojlangan. Otlarda 2 ta jins mavjud. Kuchli va kuchsiz fe’llar farqlanadi. Ilk yozma yodgorliklari 13-asrga mansub. 16-asrdan barcha rasmiy doiralarda niderland tili qo’llana boshladi, Friz tili, asosan, og’zaki muomala tiliga aylandi. Keyingi o’n yilliklarda Niderlandiya maktablarida Friz tili izchil ravishda ukatila boshladi, ko’plab adabiyotlar, davriy matbuot nashr etildi. Yozuvi lotin grafikasi asosida.