FTOR-KAUCHUKLAR
FTOR-KAUCHUKLAR — makromolekulasi tarkibida ftor atomi tutgan kauchuksimon polimerlar (elastomerlar). Issiqqa chidamligi, yonmasligi va emiruvchi muhitlarga bardoshliligi bilan ajralib turadi. Geksaftorpropilen yoki triftorxloretilen bilan vinilidenftoridning sopolimerlanishidan hosil bo’lgan mahsulotlar sanoatda ko’p ishlatiladi. Bu xildagi sopolimerlar uzoq saqlanadigan, oq tusli zaharsiz mahsulot, zichligi 1830-1860 kg/m3, shishalanish temperaturasi -20° ga yaqin, molekulyar modda 10 mingdan 1 milliongacha. Ftor asosida olingan rezinalardan sovuqqa chidaydigani perftormetilvinil efir bilan vinilidenftoridning sopolimerlanishi negizida olinadi. Bu Ftorning shishalanish temperaturasi — 40° atrofida. Ishqorlar, turli erituvchi va oksidlovchilarga, shu jumladan, ftorga chidamli rezinalar to’liq ftorlangan kauchuklardan, masalan, triftornitrozometanli tetraftoretilen sopolimeri, issiqqa chidamli rezinalar esa perftormetilvinil efirli tetraftoretilen sopolimerlari asosida olinadi. Monomerlarni emulsiyada radikalli polimerlash — Ftorning asosiy sintez usuli hisoblanadi. Ftor, asosan, moy, oksidlovchilar hamda emiruvchi moddalar (200° va undan yuqori temperaturada) bilan bevosita kontaktda bo’ladigan asbob-uskunalarning zichlovchi qismlarini tayyorlashda, kimyo sanoatida, aviatsiya va kosmik texnikada ishlatiladi.