FUKE (FOUQUET) JAN
FUKE (FOUQUET) JAN (taxminan 1420 tur — 1481.8.11) — frantsuz rassomi, Frantsiyada ilk Uyg’onish davri san’ati asoschilaridan. 1440-45 yillar Parijda yashagan. 1445-47 yillar orasida Rimda bo’lgan (A. Filaretedan emal texnikasini, L.Alberti asarlarini o’rgangan), Mazachcho va F. Anjelikolardan ilhomlangan. 1475 y.dan qirol saroyida rassom. Fukening diniy va tarixiy mavzudagi kitob miniatyuralarida voqealar Real tasvirlangan, asarlari mayin koloriti, mahorat bilan qo’llangan perspektivasi bilan ajralib turadi (“katta frantsuz xronikalari”, J. Bokkachchoning “Taniqli erkak va ayollar hayoti”, frantsuz tilida, 1458). Fuke yaratgan portretlar o’ta hayotiyligi bilan ajralib turadi (Karl VII; kantsler G.Jyuvanel dez yursen va boshqalar). Shuningdek, Fuke nafis koloriti va rasmi b-n ajralib turuvchi diniy kompozisiyalar (“Madonna go’dak bilan” diptixining chap bo’lagi, taxminan 1451, nafis san’atlar Qirollik muzeyida, Antverpen va boshqalar) muallifi hamdir.