FUKUOKA

FUKUOKA — Yaponiyadagi shahar. Kyusyu orolining shimoli g’arbida. Fukuoka prefekturasining ma’muriy markazi. Aholisi 1,34 million kishi (2000). Xakata qo’ltig’i sohilidagi port. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Aviatsiya, kemasozlik va elektronika mashinasozligi, oziq-ovqat, metallsozlik, to’qimachilik, yog’ochsozlik, oynakeramika, poligrafiya sanoati korxonalari bor. Milliy badiiy buyumlar (o’yinchoqlar, matolar) ishlab chiqariladi. Baliq ovlash floti bazasi. Universitetlar, ibodatxonalar bor. Turizm rivojlangan. Fukuoka yaqinida tosh ko’mir koni topilgan.