GALLOVEY QORAMOL ZOTI

GALLOVEY QORAMOL ZOTI – asosan go’shti uchun boqiladigan zotlardan. 19-a.da Shotlandiyaning Jan.- sharqida iqlimi nam va sovuq, qishda yog’ingarchilik kam bo’ladigan tog’li Gal – louey hududida chiqarilgan. Britaniya o.laridagi eng qad. zotlardan biri. Gavdasi mutanosib; bo’yni yo’g’on, ko’kragi keng, sag’risi tekis, beli qisqa, oyoqlari kalta, tuyog’i keng va qattiq. Rangi asosan, qora, lekin kuragidan beligacha olasi bo’lgan sarg’imtir ranglilari ham uchraydi. Buqalarning tirik vazni 700-800 kg, sigirlariniki 450-500 kg, buzoqlari mayda tug’iladi, lekin tez usadi. 7-8 oylik buzoqlari 180— 200 kg, g’unajinlari 18 oyligida 280— 320 kg, shu yoshdagi buqachalari 380— 420 kg gacha boradi. So’yilganda go’sht chiqishi 60— 65%. Go’sht sifati yaxshi. Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Argentina, Braziliyada boqiladi. O’rta Osiyo va Qozog’istonning tog’li hududlarida boqiladigan zotlarning go’sht sifatini yaxshilashda foydalanilgan. Zotni o’rganish Qozog’iston chorvachilik i.t. in-tining Minboev nomidagi tajriba xo’jaligida olib boriladi.