G’ARBIY AVSTRALIYA

G’ARBIY AVSTRALIYA – Avstraliya Ittifoqining g’arbiy qismidagi shtat. Maydoni 2,53 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1,9 million kishi (2000). Ma’muriy markazi — Pert shahri. Yer yuzasining aksari qismi balandligi 400-500 metrli cho’lli plato (Gibson, katta qumli, katta Viktoriya cho’llari). Sho’r ko’l ko’p. Shim.da savannalar bor. G’arbiy va shimoliy-g’arbiy qismida tog’ tizmalari va massivlar uchraydi. Eng baland joyi 1226 metr (Xamersli tog’i). Xo’jaligining yetakchi tarmog’i — chorvachilik, asosan, jun uchun qo’y boqiladi. Bug’doy, arpa, suli ekiladi. Janubi-g’arbida tokchilik va bog’dorchilik rivojlangan. Shimoliy-g’arbiy qismida, Ord daryosi bo’yida sug’orib dehqonchilik qilinadi: paxta, sholi, shakarqamish ekiladi. Foydali qazilmalardan oltin, temir rudalarining yirik konlari bor. Nikel, boksit, toshko’mir va qo’ng’ir ko’mir qazib olinadi. Qora va rangli metallurgiya sanoatlari rivojlangan. Mashinasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Yirik sanoat markazlari: Frimantl, Kuinana, Kalgurli va boshqalar.