G’ARIBIY
G’ARIBIY (taxallusi; asl nomi Mulla Umrzoq Abduvali o’g’li) (1877, hozirgi Farg’ona shahri o’rnidagi Yormozor qishlog’i — 1961, Farg’ona viloyati Chimyon qishlog’i) — shoir. Huvaydo shajarasidan. Buxoro madrasalarida o’qigan. Hirotlik Islom Shayx piri murshidi tariqatida bo’lgan. Ota kasbi gilkor — suvoqchilik bilan shug’ullangan. G’aribiy asosan o’zbek tilida, qisman fors-tojik tilida ijod qilgan. Adabiy merosi 14000 misra atrofida, she’rlari 1000 ga yaqin. Ulardan 850 tasi g’azal, 70 muxammas, qolganlari mumtoz she’riyatning turli janrlarida yozilgan. 1911 yilda “G’aribiy” taxallusi bilan yozgan she’rlarini to’plab, devon tuzgan. 1917-26 yillarda “Muxbir”, 1926 yildan umrining oxirigacha “Shuhrat” taxalluslarida ijod qilgan. G’aribiy Muqimiy, Furqat, Rojiy, Firoqiy, Charxiy kabi shoirlar bilan adabiy hamkorlikda bo’lgan. She’rlarining ko’pchiligi falsafiy-didaktik, diniy-axloqiy mazmunda. Ularda olam, inson hayotining mohiyati, sevgi-muhabbat, vafo-sadoqat, hayo, iffat, qanoat, shukr kabilar haqida fikr yuritgan. Kibru havo, ta’ma, Badnafslikni qoralagan, jamiyatdagi haqsizliklardan shikoyat qilgan. Asarlari turli bayoz va to’plamlardan o’rin olgan, 20-yillarda matbuotda e’lon qilingan. 1951-54 yillarda siyosiy qatag’onga uchrab qamalgan. Shoirning “Devon”i, “Bayoz”i, she’riy to’plamlari qo’lyozmalari Qo’qon adabiyot muzeyida, she’riy to’plamining dastxat nusxasi qo’qonlik A. Madaminov qo’lida saqlanadi. Begali Qosimov