GAYANA

GAYANA (Guyana), Gayana kooperativ Respublikasi (Cooperative Republic of Guyana) — Janubiy Amerikaning shimoliy-sharqidagi davlat. Maydoni 215 ming kilometr kvadrat. Aholisi 900 ming kishi (1997). Poytaxti — Jorjtaun shahri. Ma’muriy jihatdan 10 okrugga bo’linadi. Davlat tuzumi. Gayana — Hamdo’stlik tarkibidagi respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1978 yil iyuldagi referendumda qabul qilingan va 1980 yil 6 oktyabrdan kuchga kirgan. Davlat va hukumat boshlig’i — prezident. U umumiy to’gri ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatta saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni bir palatali parlament — Millat Majlisi amalga oshiradi. Ijroiya hokimiyat prezident va bosh vazir boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi ixtiyorida. Vazirlar Mahkamasi millat Majlisi oldida javobgardir. Tabiati. Atlantika sohili pastlik bo’lgani uchun dengiz to’lqini paytida qirg’oqdagi yerlarni suv bosadi. Shimol va shimoli-sharqi botqoq bosgan pasttekislikdan, markazi va Janubiy Gviana yassitog’ligidan iborat (rorayma tog’i balandligi 2772 metr). Gayanada oltin, niobiy (kolumbit), marganes, olmos, boksit konlari bor. Iqlimi subekvatorial, issiq va sernam. O’rtacha oylik temperatura Jorjtaunda 26-28°, yillik yog’in 2230 millimetr. Daryolari ko’p. Yiriklari — Essekibo va Koranteyn. Hududining 85% ga yaqini doimiy yashil nam o’rmonlar bilan qoplangan. Shimol- G’arb, shimol va shimoli-Sharqda savannalar. Kayetur milliy bog’i tashki l etilgan. Aholisining 54% hindistonliklar, 36% afrikaliklar. Negrlar, duragaylar, mulatlar, xitoylar, indeyslar xam yashaydi. Davlat tili — ingliz tili. Diniy e’tiqodiga ko’ra ko’pchilik aholi protestantlar bo’lib, katoliklar, musulmonlar, hindular ham bor. Shahar aholisi — 31%. Yirik shaharlari: Jorjtaun, Bartika va boshqalar. Tarixi. Qadimda Gayana hududida indeyslar yashagan. Gayanani birinchi bo’lib ispanlar kashf etgan (1499). 16-asr oxirlarida inglizlar Gayana qirg’oqlariga kelganlar. Keyinroq golland savdogarlari Essekibo, Demerara va Berbis daryolari bo’yiga kelib joylashib, bu yerlarni o’zlashtira boshladilar. Ular Afrikadan keltirilgan negr qullar yordamida plantasiya xo’jaliklari barpo etdilar. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida Gayanaga egalik qilish uchun Buyuk Britaniya, Gollandiya va Frantsiya o’rtasida kurash bo’lib turdi. 1814 yilgi Angliya-Gollandiya sulhiga binoan Gayana Buyuk Britaniya ixtiyoriga o’tdi va 1831 yildan Britaniya Gvianasi deb ataladigan bo’ldi. 1834 yilda quldorlik bekor qilindi. 1838 yildan boshqa mamlakatlardan, ayniqsa Hindiston va Xitoydan arzon ish kuchi keltirildi. Gayana aholisi milliy-ozodlik uchun kurashdi. Bu kurash 2-jahon urushidan keyin keskin tus oldi. 1953 yilda Britaniya Gvianasi mehnatkashlari ichki o’zini o’zi boshqarishni kengaytirishga erishdi. 1966 yil 26 mayda Britaniya Gvianasi mustaqil davlat deb e’lon qilindi va u Gayana deb nomlandi. 1970 yildan Gayana— respublika. O’sha yildan BMT a’zosi. 1992 yil 8 yanvarda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami: Respublika kuni -23 fevral. (1970). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmasi. Xalq taraqqiyparvar partiyasi, hukmron partiya, 1950 y. tuzilgan; Xalq milliy Kongressi, muxolifatdagi partiya, 1955 yil tashkil etilgan; “Birlashgan kuch”, muxolifatdagi partiya, 1960 y. tuzilgan; mehnatkashlar Ittifoqi, muxolifatdagi partiya, 1977 yil tashkil etilgan. Gayana kasaba uyushmalari Kongressi, 1940 yilda asos solingan. Xo’jaligi. Iqtisodiyotining asosi — qishloq xo’jaligi va konchilik sanoati. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligi va baliqchilik 40,1% (shu jumladan qand-shakar ishlab chiqarish 28,4%), sanoat 16,1% (shu jumladan konchilik 11,7%)ni tashkil etadi. Okean sohilida, Demerara va Berbis daryolari vodiylarida dehqonchilik qilinadi. Asosiy ekinlari: shakarqamish va sholi. Kokos palmasi, kofe, kakao, tsitrus mevalari, ananas, maniok, batat va boshqalar ham yetishtiriladi. Qimmatbaho yog’och tayyorlanadi. Yaylovlarda ko’proq qoramol boqiladi. Daryo va dengizlarda baliq ovlanadi. Sanoatidagi rivojlanish foydali qazilmalar, avvalo boksit, shuningdek oltin, olmos, marganes qazib olish bilan bog’liq. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari davlat nazoratiga olingan. Elektr energetikada issiqlik elektr stansiyalari ustun. Bir yilda 219 million kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Ishlab chiqarish sanoati zaif rivojlangan. Asosiy tarmoqlari: qand-shakar, pivo, tamaki, yog’ochsozlik. Gayana romi jahonga mashhur. Temir yo’l uzunligi — 88 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi— 7,2 ming kilometr. Asosiy portlari: Jorjtaun, Nyu-Amsterdam. Chetga qand-shakar, boksit, sholi, olmos, rom, yog’och-taxta, oziq-ovqat mahsulotlari, alyuminiy oksidi chiqaradi. Chetdan turli mashinalar, neft mahsulotlari, transport vositalari, qurilish materiallari, sut mahsulotlari, un va gazlama oladi. Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada bilan savdo qiladi. Pul birligi — Gayana dollari. Madaniyati. 6-14 yoshdagi bolalar uchun majburiy o’qish yo’lga qo’yilgan. Ta’limning hamma turlari — bepul. 6 yillik boshlang’ich, 7 yillik o’rta maktablar, hunar-texnika bilim yurtlari, 2 kollej bor. O’qituvchilar Jorjtaundagi pedagogika kollejida va 2 o’quv markazida tayyorlanadi. Ilmiy markazlari: Gayana jamiyati, Amerika axborot markazi, Gayana xalqaro munosabatlar instituti va boshqalar. Jorjtaun universiteti, Milliy kutubxona, Gayana muzeyi mavjud. Gayanada nashr etiladigan yirik gazeta va jurnallar: “voys of leybor” (“mehnat sadosi”, gazeta, 1980 yildan), “Gayana kronikl” (“Gayana axboroti, kundalik gazeta, 1881 yildan), “Mirror” (“ko’zgu”, haftalik gazeta, 1962 yildan), “Nyu neyshn” (“yangi millat”, haftalik gazeta, 1955 yildan), “Sander” (“momaqaldiroq”, har chorakda chiqadigan jurnal, 1950 yildan), “Sandi kronikl” (“yakshanba axboroti”, haftanoma, 1881 yildan). Gayana ijtimoiy aloqalar agentligi hukumat axborot xizmati bo’lib, u 1989 yilda tuzilgan. “Gayana brodkasting Korporeyshn” hukumat radioeshittirish xizmati 1979 yilda tashkil etilgan. “Gayana televijn” hukumat telexizmati 1993 yilda tuzilgan. Adabiyoti ingliz tilida. Folklorni Gayana tub joy aholisi — indeyslar yaratgan, keyinchalik shakarqamish plantasiyalarida ishlatish uchun keltirilgan negrlar va hindlar ham bu jarayonga qo’shilgan. Yozma adabiyot 19-asrda paydo bo’ldi: “kolonist” taxallusli muallifning “Demeraradagi tungi o’ylar” lirik she’rlar to’plami, qullikdan faryod chekkan S. Oliveraning she’rlari, T. Donning “Mo’minlarning qalb izhori” to’plami va boshqalar. A. Seymur “Gviana ustida bulut” dostonida asosiy tarixiy davrlarni tasvirlagan. Milliy ozodlik kurashi kuchaygan paytda M. Karterning jo’shqin she’riyati katta ahamiyat kasb etdi. Keyingi vaqtlarda Nasr rivojlanmoqda. Mustamlaka davrining qiyinchiliklariga qaramay, professional san’at rivojlandi, u indeys va negr an’analarini o’zida mujassamlashtirdi. Yog’och o’ymakorligi, naqshinkorlik, ramziy tasvirlar namunalari mavjud. Gayanadagi me’moriy inshootlar asosan yog’ochdan yasalgan bo’lib, ularning uslubi har xil (ispancha, gollandcha, inglizcha uslublar ta’siri seziladi). Turar joylar, odatga kura, baland g’ishtin tirgaklar ustiga kebracho, bambuk, palma yog’ochlaridan bir qavatli qilib qurilgan. Jorjtaunda dunyodagi eng katta yog’och cherkov (me’mori A. Blomfild) savlat to’kib turibdi. 1945 yildan so’ng mamlakat poytaxtida zamonaviy binolar qurildi.