G’AZAL
G’AZAL (Arabcha — ayolni sevish, unga oshiqona munosabatda bo’lish) — 1) Sharq adabiyotida eng keng tarqalgan lirik janr. “G’azal” atamasi dastlab 6-7-asrlarda Arab she’riyatida paydo bo’lgan. So’ng O’rta Osiyo va Sharq xalqlari adabiyotlariga o’tib, 13-14-asrlarda to’la shakllangan. Hajmi 3 baytdan 19 baytgacha qilib belgilangan. Lekin 21, hatto 27 baytli G’azal namunasi ham uchraydi. AA, ba, va, ga, da va hokazolar tarzda qofiyalanadi, boshdan-oxir bir xil vaznda yoziladi. Ilk bayti matla’ yoki mabda’, oxirgisi maqt a’deb ataladi. Agar ikkinchi baytning misralari ham o’zaro qofiyalansa, Zebi matla’ yoki husni matla’ deyiladi. G’azalning paydo bo’lishi va rivojlanishi musiqa san’ati bilan chambarchas bog’liq. Dastlab G’azalga taxallus qo’yilmagan, bu keyinchalik an’anaga aylangan. G’azal dastlab ishqiy mavzuda yozilgan bo’lsa-da, keyinchalik uning mavzu doirasi kengayib bordi hamda ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy, mav’iza (pandnasihat) va hajviy G’azallar yuzaga keldi. G’azal tuzilishiga ko’ra 4 mustaqil turga ajraladi: mustaqil baytlardan tuzilgan (parokanda) G’azal; yakpora G’azal; voqeaband G’azal; musalsal G’azal. Ma’no jihatidan esa orifona, oshiqona va rindona G’azallarga bo’linadi. Fors so’z san’atida G’azal dastlab Rudakiy ijodida uchrasa-da, Sa’diy ijodida u to’la shakllanib, she’riyatning asosiy janrlaridan biriga aylandi, keyin Hofiz uni yuksak darajaga ko’tardi: u o’zigacha tasavvufiy va dunyoviy yo’nalishda rivojlanib kelgan g’azalchilikni o’zaro omuxta qildi. Xusrav Dehlaviy, Kamoliddin Isfahoniy, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Xoju Kirmoniy, Salmon Sovajiy, Abdu-Rahmon Jomiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi shoirlar G’azal taraqqiyotida katta rol o’ynaganlar. O’zbek adabiyotida G’azalning ilk namunalari Rabg’uziining “Qisasi Rabg’uziy”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”sida uchraydi; keyinchalik Sayfi saroyi, Hofiz Xorazmiy, Yusuf Amiriy, Sakkokiy, Atoiy, Gadoiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Ubaydiy, Mashrab, Mujrim-Obid, Amiriy, Nodira, Uvaysiy, Munis, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Avaz o’tar va boshqalar ijodida rivojlantirildi. Fors-tojik g’azalchiligida aruz vaznining hazaj bahri, turkiy xalqlar g’azalchilig’ida ramal bahri ko’p qo’llangan. Masalan, Navoiyning 2600 G’azalidan 1600 ga yaqini, Atoiyning 260 G’azalidan 109 tasi, Husayn Boyqaroning esa barcha G’azallari ramalda yozilgan. Aruzda 21 ta bahr bo’lib, o’zbek g’azaliyotida faqat Navoiy ularning ko’pchiligini qo’llagan. G’azalda ishqiy mavzu yetakchilik qilishiga qaramay, g’azalnavislar bu janrning imkoniyatlaridan inson ma’naviy dunyosining, shuningdek, tabiat va jamiyatning barcha murakkab tomonlarini ifodalash uchun foydalanganlar. 15-asrdan G’azal o’zbek she’riyatida ham asosiy va yetakchi janrga aylandi. Navoiy o’zbek tilida 2600 dan ortiq G’azal yaratib, bu janrning g’oyaviy-tematik doirasini kengaytirdi, G’azalni hayotga yaqinlashtirdi, G’azalda realistik tamoyillarni kuchaytirdi. Keyinchalik o’zbek she’riyatida Hamza, Cho’lpon, Xurshid, G’afur G’ulom, Sobir Abdul-la, Habibiy, Charxiy, Chustiy, xolis, Vosit Sa’dulla, Jumaniyoz Jabborov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol va boshqalar. G’azalni yangicha sharoitda davom ettirdilar va uning mavzu doirasini boyitdilar, shu bilan birga, an’anaviy ishqu oshiqlik mavzuida ham ko’plab badiiy barkamol G’azallar yaratdilar; 2) musulmon Sharq madaniyatidan keng o’rin olgan mumtoz musiqa janri. Dastlab (masalan, Abdulqodir Marogiy ko’rsatishicha, 14-15-asrlarda) “navbat” deb ataluvchi murakkab shakldagi janrning ikkinchi qismi sifatida, asosan, fors tilidagi she’rlar bilan ijro etilib, 2 sarxona va bozgo’ypyan iborat bo’lgan. So’ngra Navoiy, Kavkabiy, Noiniy, Chishtiy va boshqalarning asarlarida G’azal O’rta Sharq xalqlarida eng sevimli musiqa janrlaridan biri sifatida ta’riflangan. Hozirda, asosan, lirik-falsafiy (jumladan, tasavvufiy) mazmundagi g’azal namunalari, yakkaxon xonanda va cholg’u ansambli tomonidan ijro etiladigan, yirik shakldagi musiqa janri sifatida Pokiston, shim. Hindiston, Bangladesh, Eron, Afg’oniston va ayrim Arab mamlakatlarida tarqalgan. Kuylar diapazoni kengligi, ohang va ritmik rivojining murakkabligi bilan ajralib turadi. G’azal raga singari kichik cholg’uvokal muqaddimasi bilan boshlanadi, unda xonanda yuqori pardalarda ijro etiladigan aylanma tuzilmalar, glissando (sirg’anuvchi ohanglar) va boshqalar uslublardan foydalanib, asarning asosiy tovushqatori, shuningdek, badiiy o’ziga xosligini namoyish etadi. Cholg’u ansambli tarkibida sitor, sarangi, bansuri nay, tanpura, fisgarmoniya va tabla (yoki faqat sisgarmoniya va tabla) cholg’ulari qo’llanadi. G’azal urdu, hind, fors, Panjob, Gujarot va boshqa tillarda kuylanib, unda Xusrav Dehlaviy, Kabir, Surdas, Mirzo G’olib, Muhammad Iqbol, Fayz Ahmad Fayz kabi shoirlarning she’rlari asosiy o’rin tutadi. 20-asrda G’azalning zamonaviy shakllari rivoj topib, ular kontsert dasturlari (Mehdi Hasan, Roshan ara begim, Bare G’ulom Ali Xon, Ramzan Xon va boshqalar), kino musiqasi (Lata Mangeshkar, Muhammad Rafi va b.)da keng ijro etilmoqda. Ad. Hayitmetov A si,T., 1961; Shayxzoda M., kining sultoni, asarlar, 4-j., T., 1972; Nosirov O., O’zbek adabiyotida gazal, T., 1972; Orzibekov R., O’zbek lirik poeziyasida g’azal va musammat, T., 1976; Nosirov O., jamolo v S ., 3 i yo –viddinov M., O’zbek klassik she’riyati janrlari, T., 1979; Valixonov A., G’azal nafosati. T., 1985. Ergash Ochilov, Muhiddin Nosirov.