G’AZALKENT

G’AZALKENT — Toshkent viloyati Bo’stonliq tumaniaagi shahar (1964 yildan), tuman markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Chirchiq daryosining chap sohilida, Toshkent shahridan 58 kilometr shimoliy-Sharqda, Oqsoqota soyining Chirchiq daryosiga quyilish joyida, o’rtacha 700 metr balandlikda, seysmik zonada joylashgan (8-9 ball). Aholisi 20,7 ming kishi (2004). G’azalkent toponimi professor H. Hasanovning fikricha, g’izol (ohu) so’zidan tarkib topgan. Shahar 1932 yilda Chirchiq GES lar kaskadi bosh inshooti quruvchilarining shaharchasi sifatida bunyod etilgan. G’azalkentda qandolatchilik fabrikasi, meva-konserva, meva sharbati va hokazolar ishlab chiqaruvchi “G’azalkent” oziqovqat korxonasi, vino kombinati, sut-yog’, oynashisha zavodlari, yo’l-qurilish va sozlash korxonalari, metallsozlik, qurilish materiallari, toshga ishlov berish kombinatlari, avtokorxona, dehqon bozori bor. “Konmit” va “Konvin” qo’shma korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, kasb-hunar kolleji, akademik litsey, tuman Markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, klub muassasalari, “yoshlar markazi”, stadion va boshqa sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, tug’-ruqxona, poliklinika, sil kasalliklari dispanseri va boshqa tibbiy muassasalar, bolalar va kattalar sanatoriylari, dam olish uylari aholiga xizmat ko’rsatadi. G’azalkentdan Toshkent, Chirchiq shaharlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Toshkent — Chorvoq elektrlashtirilgan temir yo’l shahar yonidan o’tadi.