Gazlama
Gazlama — arkok va tanda iplarining o’rilishidan hosil bo’ladigan, pardozlangan va ishlatishga tayyor mato. O’lchab — gazlab (q. Gaz) sotilganligi uchun shunday nomlangan. G. qadimda daraxt po’stloqlaridan qo’lda, keyinchalik tolalardan yog’och dastgoxlar, do’konlar, to’quv stanoklarida to’qilgan. Hozir asosan avtomat stanoklarda to’qiladi. Oqartirilgan, sidirg’a yoki gulli, o’ng tomoni tukli va tuksiz g.lar bo’ladi. G. dan kiyim-kechak tikiladi, ro’zg’or buyumlari tayyorlanadi, u texnikaning turli sohalarida ishlatiladi. G.lar tanda (o’rish, bo’ylama) va arqoq (enlama) iplarning o’rilishi, ularning materiali, eni, pardoz turlari, ishlatilishi b-n bir-biridan ajraladi (ip gazlama, jun gazlama, ipak gazlama va h. k.). G.ning pishiqlik, kirishuvchanlik, cho’ziluvchanlik, qalinlik xossalari bor. Pishiqlik — tanda va arqoq iplarining pishitilishi va o’rilishiga bog’liq, u maxsus dinamometr yordamida anikdanadi. Cho’ziluvchanlik — tanda va arqoq iplari yo’nalishida tortilganda yirtilguncha uzayishi. Dinamometrda pishiqlikni o’lchash vaqtida aniqlanadi. Kirishuvchanlik — saqlash, ho’llash, yuvish va b. hollarda o’lchamining qisqarishi. U tanda va arqoq iplarining materiali va xossalari, to’qimaning tuzilishi hamda pardozlash xillariga bog’liq; g. 3-10% kirishishi mumkin. Qalinligi tanda va arqoq iplarining yo’g’onligiga, zichligi va pardoz turlariga bogliq. Kiyimlik G. larning qalinligi 0,1—5,0 mm, texnikada ishlatiladiganlariniki bundan qalin bo’ladi. Qalinlik maxsus asboblar b-n o’lchanadi. G.larni pardozlashda tukini yo’qotish, ohorini to’kish, oqartirish, bo’yash, gul bosish, tarash va b. ishlar bajariladi. Tukini yo’qotish — G. yuziga chiqib qolgan ip va tolalarni olib tashlash; kuydirish yoki qirqish yo’li b-n bajariladi. Kuydirish uchun G. lar qizitilgan metall yuzasidan yoki gaz alangasi ustidan tez o’tkaziladi. Qirqish esa maxsus mashinalarda tez aylanuvchi pichoqlar yordamida bajariladi. Bunda G. tekis va chiroyli bo’lib chiqadi. Ohorini to’kish — tanda iplaridagi ohorni yuvish, bunda g. maxsus eritmali hovuzda ivitiladi, so’ngra yuvib ohordan tozalanadi. Ohori to’kilgan g. bo’yaladi, gul bosishda bo’yovchi moddalar iplarga yaxshi o’rnashadi va yuvilganda aynimaydi. Oqartirish — to’qimadagi tabiiy sarg’ish rangni yo’qotib, gazlamaga oq tus berish. G.lar to’liq Oqartirilgandan so’ng bo’yaladi yoki gul bosiladi. Sidirg’a bo’yash — g.larni turli ranglar b-n bir xil qilib bo’yash. Gul bosish — g.ning o’ng tomoniga turli ranglardan maxsus mashinalarda bezaklar tushirish. Tarash — to’qimadagi arqoq iplarini titib, tolalarini yuzaga chiqarish jarayoni. Bu jarayon ninalik tasma (kardolenta) yordamida tarashlash mashinalarida bajariladi. Bunda G.lar (movut, paxmoq va b.) issiq saqlaydigan va mayin bo’ladi. Xonalarni bezash, mebellarga qoplash, eshik va derazalarga tutish uchun ishlatiladigan g. bezak mato deb ataladi. Bundam matolar to’qiladi yoki pardozlash vaqtida gul bosib tayyorlanadi. Ular pishitilgan har xil rangli iplardan (paxta, jun, ipak va kimyoviy tolalar hamda metall iplardan) to’qiladi. Bezak G. lar jakkard mashinasi yordamida yirik gulli o’rilishda to’quv dastgoxlarida yoki qo’lda to’qiladi. O’ngi tekis, g’adirbudur va tukli bo’ladi. Bunday gazlamalar pishiq, yorug’bardosh bo’lishi kerak (yana q. Atlas, Banoras, Batist, Beqasam, Bo’z, Chit, To’qimachilik, To’quvchilik). Ad.: Olimboev E. Sh. vab., To’quvchilik texnologiyasi va to’quv stanoklari, T., 1987.