G’AZNAVILAR DAVLATI
G’AZNAVILAR DAVLATI – Xuroson, shimoliy Hindiston hamda qisman Movarounnahr va Xorazmda G’aznaviylar sulolasi boshqargan turkiy davlat. G’aznavilar davlatiga Alpteginning g’ulomi va kuyovi Sabuktegin asos solgan. Davlat nomi saltanatning poytaxti G’azna shahri nomidan olingan. Turkiy g’ulomlar xizmatlari evaziga Somoniylardan Xuroson va Afg’onistonning turli viloyatlari (G’azna, Kobul va boshqalar) ni boshqarish huquqini olganlar. Sabuktegin G’azna viloyatining noibi va qo’shin amiri qilib tayinlangach (977), u bu mulklarni mustaqil boshqarishga kirishgan. 994— 995 yillarda Xurosonda bo’lib o’tgan 2 jangda somoniylar amiri Nuh ibn Mansur va noib Sabuktegin boshchiligidagi Birlashgan qo’shin isyon ko’targan turk sarkardalari Abu Achi Simjuriy (Abulhasan Simjuriynint o’g’li) va Foyiq qo’shinlarini tor-mor keltirish jarayonida Sabukteginning siyosiy nufuzi yanada ortadi. G’aznavilar davlatining eng kuchaygan davri Amir Sabuktegin, ayniqsa, Sulton Mahmud G’aznaviy hukmronligi yillariga to’g’ri keladi. 11-asr boshlariga kelganda musulmon Sharqining eng qudratli davlatlaridan biriga aylangan G’aznavilar davlatining chegaralari g’arbda Ray va Isfahon shaharlari, Kaspiy dengizi hamda shimoliy-g’arbda Xorazm va Orol dengizigacha cho’zilgan, Sharqda esa shimoliy Hindistonning kattagina qismini o’z ichiga olgan va Janubda Balujistongacha yetgan edi. Mahmud G’aznaviy Somoniylar sulolasi barham topgach, ularning Xurosondagi butun hududini, keyinchalik Xorazm davlatini (1017) ham o’z saltanati tarkibiga qo’shib olgan. Biroq janubiy Toxariston (hozirgi Shimoliy Afg’oniston)dan tashqari Shimoliy Toxariston (hozirgi Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston) hududini ham egallash uchun G’aznaviylar kurash boshlaganlarida Qoraxoniylar bilan ularning manfaatlari o’zaro to’qnashdi. Keskin kurashlar natijasida Chag’oniyon va Termiz g’aznaviylarga bo’ysundirilgan. G’aznaviylar bilan Qoraxoniylar davlati o’rtasidagi chegara Amudaryo deb e’tirof qilingan. 1024— 25 yillarda Mahmud G’aznaviy Termiz yaqinida Amudaryoni kechib o’tib, temir darvoza (temir qopqa) orqali Sug’dga hujum qilgan va Samarqandgacha borgan. Bu harbiy yurishlar natijasida Omul (Chorjuy) gacha bo’lgan viloyatlar Qoraxoniylar hukmronligidan chiqib, G’aznaviylar ta’siriga o’tgan. Bu davrda G’aznavilar davlati Sharqdagi yirik musulmon davlatiga aylangan edi. Biroq, Mahmud G’aznaviyning o’g’li va valiahdi Mas’ud G’aznaviy hukmronligi davrida (1030-41) G’aznavilar davlati o’z qo’l ostidagi hududlarni birin-ketin qo’ldan chiqarib, asta-sekin tanazzulga yuz tuta boshladi. 11-asr o’rtalaridan boshlab g’aznaviylarning asosiy raqibi saljuqiylar bo’ldi. G’aznavilar davlati tarkibidan 1-bo’lib Xorazm ajralib chiqdi. G’aznaviylarning Xorazmdagi noibi Oltintosh vafot etgach (1032), uning o’g’li Horun g’aznaviylarga qarshi isyon ko’tardi (1034). U Saljuqiylar va Qoraxoniylar bilan do’stona aloqa o’rnatib, Xorazmni g’aznaviylardan mustaqil deb e’lon qilgan. Bu paytda Qoraxoniylar va G’aznaviylar o’rtasida Chag’oniyon, Xuttalon, Termizni egallash uchun yana keskin kurash boshlangan. Marv yaqinidagi Dandanakon jangi (1040 yil may)da Mas’ud G’aznaviy qo’shini saljuqiylardan engilgach, G’aznaviylar Xurosonni butunlay qo’ldan chiqarishdi. Mag’lubiyatga uchragan Sulton Mas’ud G’aznaviy G’aznaga qochgan va keyinchalik fitnachilar tomonidan o’ldirilgan (1041). Taxtga Mas’udning ukasi Muhammad o’tirgan. Lekin Mas’udning o’g’li Mavdud (hukmronlik davri: 1041-48) amakisi Muhammadning qo’shinini engib, uni o’ldirgan va taxtga o’tirgan. Sulton Mavdudning Amudaryo yuqori qismidagi viloyatlarni qaytarib olishdagi sa’y-harakatlari natijasiz tugagan. Sulton Farruxzod (hukmronlik davri: 1053-59)ning harakatlari bir muncha samarali bo’lib, u ketma-ket ikki jangda Saljuqiylar qo’shinini mag’lubiyatga uchratdi. Lekin keyinchalik Alp Arslon G’aznaviylarni yengishga muvaffaq bo’ldi. Ikki o’rtada tuzilgan bitim (1059)ga muvofiq, g’aznaviylar Movarounnahr va Toxaristonga bo’lgan har qanday huquqlarini yo’qotdilar. Ularning hududi G’azna viloyati va shimoliy Hindistonning bir qismi (Panjob va boshqalar) bilan cheklanib qoldi. Bu hudud ham 12-asr boshlaridan boshlab asta-sekin qisqarib bordi. 12-asrning 60-yillarida G’uriylar davlati G’aznaviylarni Shimoliy Hindistonga butunlay siqib chiqardilar, poytaxt G’aznadan Lahorga ko’chirildi (1161). G’uriylar davlati hukmdori G’iyosiddin Muhammad qo’shini Lahorni bosib olgach, G’aznavilar davlati butunlay tugatildi (1186). Davlatni boshqarish. G’aznavilar davlatida boshqaruv tizimi o’zining murakkabligi bilan diqqatni jalb etadi. boshqaruv tizimining markazida dargoh va devonlar (vazirliklar) turgan. Dargohga oliy hukmdor faoliyati bilan bog’liq xizmatlar va amallar kirgan. G’aznaviylar davrida hojiblik xizmatining o’rni alohida e’tiborga loyiq. Dargoh faoliyatida sipohdor (saroy xizmatchisi), davotdor (oliy hukmdorning hujjatlarini yurituvchi), pardador (mahram; xufiya ishlarni bajaruvchi), martabador (saroydagi o’rta amaldor), xazinachi, Joma xona va farrosh kabi mansab va xizmatlarning o’rni katta bo’lgan. Devonlar ijroiya idoralari bo’lib, o’sha davr manbalarida 5 ta devon nomi uchraydi. Ular vazir devoni (bosh vazir devoni); harbiy ishlar devoni; elchilik va boshqalar rasmiy tadbirlarni yuritish devoni; moliya devoni; pochta-xabar devoni. Viloyat boshlig’ini voliy deganlar va uni oliy hukmdor tayinlagan. Viloyatlardagi boshqaruv ishlarni amid olib borgan. Shahar boshlig’ini rais deb ataganlar. Shahar miqyosida Shihna, kutvol (qal’a komendanti), sohibi devon (ma’muriy boshqaruvchi) kabi amaldorlar ham faoliyat ko’rsatganlar. G’aznavilar davlati qudratli harbiy qo’shinga ega edi. Oliy qo’mondonlik hukmdorning ixtiyorida bo’lgan. Bosh qo’mondon — sipohsolor esa sulolaning eng ishonchli vakili yoxud shu xonadon a’zosi hisoblangan. Masalan, Mahmud G’aznaviy sipohsolor mansabiga ukasi Muhammad Yusufni loyiq topgan. Yuqori darajadagi harbiy lashkarboshilar Salor, o’rta darajadagilari sarhang deyilgan. Harbiylar o’z pochta-xabar va qozilik xizmatlariga ega bo’lgan. G’aznaviylar qo’shinida harbiy kemalar (Daryo va dengiz floti) ham mavjud edi. Madaniyati. G’aznavilar davlatida ilm-fan va madaniyat, xususan, adabiyot rivojlangan. Mahmud G’aznaviy ona tilisi turkiydan tashqari fors, Arab, hatto pahlaviy tillarini ham mukammal bilgan va o’zi she’rlar bitgan. Uning saroyida 400 dan ortiq olim, shoir va san’atkorlar to’planib, faol ijod bilan shug’ullanishgan. Abu Rayhon Beruniy, shuningdek, Farruxiy, Unsuriy, Manuchehriy kabi shoirlar, Nosir Xusrav, Utbiy, Gardiziy, Bayhaqiy shular jumlasidan bo’lib, G’aznada yashashgan. Beruniy o’zining “Qonuni Mas’udiy” va Bayhaqiy o’zining “ta’rixi Mas’udiy” asarlarini Mas’ud G’aznaviyga bag’ishlashgan. Firdavsiy mashhur “Shohnoma” dostonini Mahmud G’aznaviyga taqdim etgan. Biroq buyuk tabib Abu Ali ibn Sino G’aznaga — Sulton saroyiga borishdan bosh tortgan. Shim. Hindistonni islomlashtirish va turklashtirish jarayoni aynan G’aznaviylar davridan boshlangan. G’aznavilar davlatida qurilish va me’morchilikka ham katta e’tibor qaratilgan. G’azna, Balx, Nishopur, Lohur va boshqa shaharlarda ko’plab madrasalar, masjidlar, xonaqolar, saroylar va bog’lar qurilgan, kutubxonalar faoliyat ko’rsatgan. Xususan, poytaxt G’azna shahri gullab-yashnagan. Manba.: Abu-l-fazl Bayxaki, istoriya Mas’uda (1039-41), T., 1962; 2nashri, T., 1969; Beruniy , Hindiston (tanlangan asarlar,2-j.), T., 1965; Beruniy, Qonuni Mas’udiy (tanlangan asarlar, 1-2-kitoblar, T., 1973; 1976; Ad.: O’zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001; Erol gungur, tarixda turkiy davlatlar, T., 2003. Qahramon Rajabov.