G’AZZOLIY

G’AZZOLIY, Abu Homid Muhammad ibn Muhammad al-G’azzoliy [1058 — tus (Eron) — 1111] — Islom ilohiyotchisi, faylasuf. “G’azzoliy” taxallusi haqida turli fikr bor. Ba’zi olimlar G’azzol (ip yigiruvchi) oilasida tug’ilgan, shu sababdan G’azzoliy taxallusini olgan desa, boshqalari esa g’azola (tus yaqinidagi qishloq)da tug’ilgan, shuning uchun taxallusi G’azoliy deb hisoblaydilar. Nishopur (Sharqiy Eron) va Bag’dodda ta’lim olgan. “Nizomiya” madrasasi (Bag’dod)da Islom huquqshunosligidan dars bergan. Mudarrislikdan voz kechib, 11 yil zohidlikda hayot kechirgan, ilm bilan mashg’ul bo’lgan. 1105 yilda Nishopurga kelib, yana madrasada mudarrislik qildi, ammo bu hol uzoqqa cho’zilmadi. Tusga ko’chib borib 300 ga yaqin talabaga xususiy tarzda dars berdi. Uning fiqhga doir “Bosit”, “Vojiz”, “Vosit”, aqidaga doir “Qavoid al-Aqoid” (“Aqidalarning qoidalari”), “Arrisolat al-qudsiya” (“Qudsiya risolasi”), mutasavviflar uchun “Ihya ulum ad-din” (“Diniy ilmlarni tiriltirish”), “Mukoshafat ul-qulub” (“qalblar kashfiyoti”) asarlari mashhur. Shuningdek, “Tahofut al-falasifa” (“faylasuflarni rad etish”), “Kimyo-i-saodat” (“Saodat kimyosi”), “Maqosid al-falasifa” (“Faylasuflarning maqsadlari”) asarlari olim ijodida muayyan o’rinni egallaydi. Bu asarlarda Forobiy, Ibn Sino, Abu Hayyon at-Tavhidiy qarashlarining ta’sirini ko’rish mumkin. G’azzoliy o’z asarlarida Islom ilohiyotini falsafiy jihatdan asoslashga harakat qilgan. G’azzoliy Xudoni aql orqali anglash mumkin emas, uni maxsus ruhiy, jismoniy harakatlar — sig’inish va ibodatlar orqali anglash mumkin deb hisobladi. Sunniylik aqidalarini tasavvuf ideallari bilan birga qo’shib talqin qilgan. G’azzoliy fikricha, insonning Alloh buyurgan amallardan o’ziga maqbulini tanlab olishi o’z ixtiyoridadir, shu bois mazkur xatti-harakatlari oldindan belgilab qo’yilishiga qaramay ular uchun aynan insonning o’zi mas’uldir. G’azzoliyga ko’ra, jon Xudo singari fazodan tashqarida, olam Xudo tomonidan yaratilgan. G’azzoliyning diniy tizimi tasavvufni an’anaviy Islom bilan birlashtirdi. G’azzoliy g’oyalari Islom tafakkuriga va o’rta asr Yevropa falsafasiga ta’sir ko’rsatdi. G’azzoliyni zamondoshlari “hujjat ul-Islom” (“Islom dalili”) deb ulug’lashgan. As: Mukoshafat ul-qulub, T., 2002; Ixya ulum ad-din, T., 2004; Qiyomat va oxirat, T., 2004.