Geofizika

Geofizika — Yerning fizik xossalarini va yer po`stida, suv va atmosferada sodir bo`ladigan jarayonlarni o`rganadigan fanlar majmui. Og`irlik kuchi, atmosfera, yerning zichligi, ichki tuzilishi va radioaktivligi, yer magnetizmi va zilzila haqidagi ta’limotlar geofizika tarkibiga kiradi. Geofizika uchta katta tarmoqqa bo`linadi: yer fizikasi, gidrofizika, atmosfera fizikasi. Bu bo`limlarning har biri yana bir necha bo`limchalarga ajraladi. Masalan, atmosfera fizikasi bo`limi umumiy meteorologiya, dinamik meteorologiya, sinoptik meteorologiya, aviatsiya meteorologiyasi, agrometeorologiya, iqlimshunoslik kabi sohalarga bo`linadi. Geofizik tadqiqotlar foydali qazilmalar topishda, zilziladan muhofaza qilinishda, raketa texnikasi taraqqiyotida, ob-havoni oldindan aytib berishda, radio eshittirish ishlarida katta ahamiyatga ega.