Geografik landshaft, landshaft

Geografik landshaft, landshaft – Yer geografik qobig`ining tabiiy taraqqiyot davomida vujudga kelgan va o`z tabiati bilan boshqa joylardan farq qiladigan qismi. Keng ma’noda – geografik yoki tabiiy hududiy kompleks (masalan, tayga zonasi, shu zonaning ayrim provinsiyasi yoki hududi, botqoqlik hududi va h.k); ba’zan geografik landshaft atamasiga tipologik ma’no ham beriladi (tayga landshafti, botqoqlik landshafti deganda o`z tabiatiga ko`ra o`xshash, lekin bir-biridan uzoqda bo`lgan joylar tushuniladi). Tor ma’noda – geografik landshaft kelib chiqishi va taraqqiyot tarixiga ko`ra bir xil, geologik fundamenti bir butun, relyefi bir tipda, iqlimi umumiy, gidrometrik sharoiti, tuproqlari, biotsenozlari o`xshash bo`lgan aniq hudud. Shu ma’noda geografik landshaft tabiiy geografik rayonlashtirish kategoriyalaridan biri.