Geografik muhit
Geografik muhit – kishilik jamiyatini o`rab turgan tabiiy sharoit; ijtimoiy ishlab chiqarishning muayyan tarixiy bosqichida tabiatning jamiyat bilan o`zaro ta’sir jarayonida bo`ladigan qismi. Jamiyat rivojlanib borgan sari geografik muhit doirasi o`zgarib, kengayib boradi. Jamiyat rivojlanishining dastlabki bosqichlarida kishilar asosan hayot uchun zarur tabiiy manbalar (yovvoyi meva, o`t va hayvonlar, unumdor tuproq va h.k.) dan foydalangan. Keyinchalik ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanishi bilan tabiiy boyliklar (metall, yog`och, issiqlik manbalari va h.k.) mehnat vositalariga aylanib, ahamiyati orta bordi. Geografik muhit jamiyat taraqqiyotining doimiy va zaruriy sharoitlaridan biri, u mehnat taqsimotiga va ishlab chiqarish tarmoqlarining joylashishiga faol ta’sir ko`rsatadi. O`z navbatida jamiyat ham geografik muhitga ta’sir ko`rsatadi. Jamiyat bilan geografik muhitning o`zaro ta’siri ijtimoiy tuzum xarakteriga bog`liq.