Geografik tadqiqot metodlari
Geografik tadqiqot metodlari – geografiya fanlarining o`z dasturlarini o`rganish usullari. Geografiyaning eng asosiy va o`ziga xos tadqiqot metodi geografik taqqoslash metodidir. Geografik taqqoslash metodi geosistemalar va ayrim komponentlar hamda xalq xo`jaligi tarmoqlarini ham tarixiy jihatdan (zamonda), ya’ni paydo bo`lishi va rivojlanishi jihatidan, ham hududiy tarqalishi jihatidan (makonda), ham sifat jihatidan, ham miqdor jihatidan qiyoslashni taqozo etadi. Bevosita dalada o`tkaziladigan tabiiy geografik tadqiqot metodlari ekspeditsiya metodi va statsionar metoddan iborat. Uzoqdan turib (distansion) kuzatish metodlaridan aerokosmik metodlar tobora keng foydalanilmoqda. Tabiiy geografiyada geokimyo, geofizika va ekologiya, metodlari ham qo`llanilmoqda. Iqisodiy geografiyada statistik ma’lumotlarni tahlil qilish, balans, iqtisodiy-geografik hodisalarni bevosita kuzatish metodlari jadal rivojlanmoqda. Geografik tadqiqotlarda kartografiya metodi ayniqsa katta ahamiyatga ega. So`nggi yillarda matematik metodlarga e’tibor kuchaymoqda.