Geografik xaritalar
Geografik xaritalar – yer yuzasi yoki uning biror qismining belgilangan masshtabda kartografik proyeksiya asosida, shartli belgilar yordamida saralangan (generalizatsiya qilingan), umumlashtirilgan va kichraytirilgan tasviri. Bunda jamiyat va tabiatda sodir bo`ladigan voqea va hodisalarning geografik joylanishi, holati hamda ular orasidagi o`zaro bog`lanish ko`rsatiladi. Geografik xaritalar 2 ga bo`linadi: 1) umumgeografik xaritalar; 2) maxsus yoki mavzuli xaritalar. Umumgeografik xaritaning asosiy mazmunini yer yuzidagi hamma geografik ob’ektlar tashkil qiladi va masshtabga ko`ra: 1) topografik (1:200 000 va undan yirik), 2) obzor-topografik (1:200000 dan 1:1000000 gacha) va 3) obzor (1:1000000 dan mayda) xaritalarga bo`linadi. Maxsus xaritalarda umumgeografik yoki boshqa bir xaritaning biror elementi (elementlari) to`liq tasvirlanadi (aholi xaritalari yoki tektonik geologik xaritalar). Maxsus xaritalar:
a) tabiiy geografik; geologiya, geofizika, geomorfologiya, iqlim, gidrologiya, tuproq, geobotanika, zoogeografiya, tabiiy rayonlashtirish xaritalari va boshqalar,
b) ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy: aholi, sanoat, qishloq xo`jaligi, transport, madaniyat, siyosiy-ma’muriy va boshqalar,
v) texnik rejalashtirish; navigatsiya, yangi yerlarni uzlashtirishdagi loyihalash kabi xaritalardan iborat.