G’IYOSIDDIN BOLBON
G’IYOSIDDIN BOLBON, Ulug’xon — g’ulomlar sulolasidan bo’lgan Dehli sultoni (1265 — 87). Dastlab Shamsiddin Eltutmishning quli (g’ulomi) bo’lgan, so’ngra iqtidorli sarkarda darajasiga ko’tarilgan. 1246-65 yillarda Sulton Nosiriddin Mahmud davrida amalda hokimiyatni boshqargan. Aud, Bengaliya va Panjob noiblari ustidan g’alaba qozonib shimoliy Hindistonning butun hududini o’z hukmronligi ostiga olgan. Qo’shinning jangovarlik salohiyatini oshirgan. Harbiy xizmat majburiyatini o’tamagan ko’plab zamindorlarning mulklarini tortib olgan, bu bilan yerlarni davlat ixtiyoriga o’tishini mustahkamlagan. Xalq harakatlarini beshafqat bostirgan. 1286 yil Panjobga bostirib kirgan mo’gullarni quvib yuborgan va davlatning shimoliy-g’arbiy chegaralarini ko’plab qal’alar qurdirish yo’li bilan mustahkamlagan.