GLOBAL MUAMMOLAR

GLOBAL MUAMMOLAR — umumbashariy hayot va taraqqiyot bilan bog’liq hozirgi zamon muammolari.Ular jumlasiga jahon termoyadro urushining oldini olish, xalqaro terrorchilikka qarshi kurash va barcha xalqlar uchun tinchlikni ta‘minlash; rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o’rtasida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasidagi tafovutni bartaraf etish, ochlik, qashshoqlik va savodsizlikni tugatish, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining tez sur’atlar bilan ko’payayotganligini tartibga solish, atrof muhit halokatli tarzda ifloslanib borayotganligining oldini olish; insoniyatni kerakli resurslar – oziq-ovqat, sanoat xom ashyosi, energiya manbalari bilan ta‘minlash, fan va texnika taraqqiyoti salbiy oqibatlarga olib kelishiga yo’l qo’ymaslik kabilar kiradi. Global muammolar avvalo jahonda kechayotgan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, harbiy, ilmiy-texnologik, ijtimoiy-madaniy jarayonlarning umumbashariy ahamiyat kasb etishi natijasida yuzaga keldi. Global muammolarni 4 guruhga ajratish mumkin: 1) xalqaro siyosiy munosabatlarda vujudga kelgan Global muammolar – jahonda rivojlangan, rivojlanib kelayotgan va qoloq mamlakatlarning mavjudligi. Hozirgi kunda jahon siyosiy tartibotini belgilashda dunyodagi 7 rivojlangan mamlakatning mavqei katta. Bu mamlakatlar bilan qoloq mamlakatlar orasidagi tafovut g’oyat kuchaydi. Taraqqiy qilgan mamlakatlarda demokratik qadriyatlar rivojlangan bo’lsa, qoloq mamlakatlarda avtoritarizm, demokratiyaga zid bo’lgan ijtimoiy munosabatlar avj oldi, xalqaro xavfsizlikka qarshi tahdidlar paydo bo’ldi. Buni terrorchilik, ekstremizm ko’rinishlari vujudga kelganligi tasdiqlaydi; 2) xalqaro iqtisodiy munosabatlarda paydo bo‘lgan Global muammolar – jahon xo’jalik tizimi vujudga kelib, unda asosan iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar ustunligi qaror topdi. Iqtisodiyoti haddan tashqari rivojlangan mamlakatlar, transnasional korporatsiyalar jahon iqtisodiyotini boshqarayotgan bir paytda, ikkinchi tomonda ularga karam, iqtisodiyoti juda ham past darajadagi mamlakatlar mavjuddir. Jahonda iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot yutuqlariga qaramasdan boy va kambag’al mamlakatlar o’rtasidagi farq o’sib bormoqda. XX asr oxirida rivojlangan mamlakatlar jahon yalpi milliy mahsulotining 86%ini ishlab chiqargan bo’lsa, kambag’al davlatlar atigi bir foizni ishlab chiqardi. Ayrim mamlakatlar rivojlangan davlatlardan juda katta miqdorda qarzga botdi. Natijada ular siyosiy jihatdan mustaqil bo’lsada, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarga qaramdir. Jahon iqtisodiy munosabatlaridagi globallashuvning salbiy oqibatlari ham mavjud. Masalan, milliy bozorni siqib qo’yadi, ishsizlikni, fermerlarning sinishini kuchaytiradi. Bu globallashuvga qarshi harakatni keltirib chiqardi Yevropaning bir necha shaharlarida norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi. Global iqtisodiy jarayonlar jahon miqyosida harakat qiluvchi moliyaviy-iqtisodiy jinoyat guruhlarini vujudga keltirdi; 3) ijtimoiy sohada vujudga kelgan Global muammolar – jahon aholisi muttasil ko’payib borishi natijasida Osiyo va Afrika mamlakatlarida oziq-ovqat, ichimlik suv tanqisligi kuchayib, bu hol boshqa mamlakatlarda ham kuzatilayotgani, jahon aholisining muayyan qismi ocharchilikni boshdan kechirayotgani, savodsiz ekanligi, axborot-texnologiya va umuman fan-texnika inqilobi samaralaridan bahramand emasligi, butun insoniyatga xavf tug’diruvchi kasalliklar (masalan, OITS) tez tarqalayotganligi shunday muammolar sirasiga kiradi; 4) inson va tabiat o’rtasidagi munosabatarning buzilishi natijasida vujudga kelgan Global muammolar – ular qatoriga dengiz va suv havzalarining bulg’anishi, o’rmon-maydonlarining tobora qisqarishi, atmosfera ozon qatlamining yo’qolib borishi kabilar kiradi. Xatarli kimyoviy moddalarning haddan tashqari ko’p ishlatilishi natijasida qishloq xo’jaligida ekin ekiladigan erlarning katta qismi yaroqsiz holatga kelish xavfi kuchaydi. Sobiq SSSRda qishloq xo’jaligi sohasida texnokratik siyosat yuritilishi oqibatida Orol dengizi suvi kamayib, g’oyat mushkul ekologik muammolarni keltirib chiqardi. Global muammolarga qarshi kurashda jahon hamjamiyatini birlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov o’z asarlarida, turli xalqaro anjumanlarda so’zlagan nutqlarida Markaziy Osiyoda Global muammolarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yo’llarini ko’rsatib berdi, bu muammolarni hal qilish xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta‘minlashning muhim sharti ekanligiga jahon jamoatchiligi e’tiborini qaratdi.