G’O’ZA

G’O’ZA — gulxayridoshlar oilasiga mansub o’simliklar turkumi; paxta tolasi olish uchun ekiladigan texnika ekini. 3 ta kenja turkumni o’z ichiga oladi. Bular bir yillik va ko’p yillik butalar, daraxtlar hamda tropik mintaqa buta va o’tlaridir. G’o’zaning 50 turi ma’lum. G’o’za turkumida xromosomalar soni dishtoid (2 l = 26) va tetraploid (2 p =52) bo’lgan turlari bor. Genomining tarkibiga ko’ra ular 6 guruhga (A, V, D, S, E, G’) bo’linadi. Tetraploidlarda genomi AD. Turlar guruhlar ichida oson, guruhlar o’rtasida esa qiyin chatishadi yoki duragaylarning to’liq bepushtligi kuzatiladi. Tola olinadigan o’simlik sifatida hindi-Xitoy, Afrika-Osiyo, Meksika, Peru g’o’zalari ekiladi. G’o’za dehqonchilikdagi qadimgi ekinlardan biri. G’o’za paxtasidan olinadigan toladan foydalanish qadim zamonlar — paleolit davridan boshlangan. G’o’za vatani Hindiston hisoblanadi. Hind vodiysida miloddan 3 ming yil ilgari paxta yetishtirilib, undan yigirilgan ip tayyorlangan. Shuningdek, Xitoy, Eron, Peru va Meksikada G’o’za miloddan bir necha asr ilgari ma’lum bo’lgan. arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, O’rta Osiyoda miloddan avvalgi 6-5-asrdan boshlab ekilgan. 10-asrdan Ispaniyaga va undan boshqa Yevropa mamlakatlariga tarqalgan. Jahonda G’o’za 80 dan ortiq mamlakatda yetishtiriladi. Asosiy paxta yetishtiruvchi mamlakatlar: Xitoy (3,7 millionga, 30,6 tsentner/gektar, 11,4 million tonna), AQSh (5,4 million gektar, 17,5 i/g’a, 9,5 mln.t), Hindiston (9,0 mln.ga, 6,9 ts/ga, 6,2 mln.t), Pokiston (2,9 mln.ga, 15,3 ts/ga, 4,4 mln.t). Shuningdek, Braziliya, Turkiya, Misrda ham katta maydonlarni egallaydi. 20-asr oxiriga kelib asosiy paxta yetishtiruvchi mamlakatlardan Xitoyda 3,8, AQShda 3,6, Hindistonda 2,0, Pokistonda 1,5, Turkiyada 0,8 million tonna; jahon bo’yicha 18,2 million tonna paxta tolasi yetishtirildi (1999). O’zbekiston paxta tolasi yetishtirish bo’yicha jahonda 4-o’rinda turadi (g’o’za ekin maydoni 1440,8 ming gektar, hosildorligi 24,5 tsentner/gektar, yalpi hosili 3537,1 ming tonna; 2004). Botanik tavsifi. Ildiz tizimi kuchli rivojlangan, o’qildizli, keng tarmoqlanadi, yer bag’riga 2,4—2,6 metr kirib boradi, ildizining asosiy qismi tuproqning haydaladigan qatlamida joylashadi. Poyasi tik o’sadi, shoxlaydi, bo’yi 70-150 santimetr. Pastki barglarining qo’ltig’idan to’g’ri, uzun o’suv (monopodial) shoxlar rivojlanadi, ular bos poyadan o’tkir burchak ostida chiqadi. Tuzilishi jihatidan bosh poyaga o’xshaydi, biror sabab bilan bosh poya shikastlanib, nobud bo’lsa, uning o’rnini bosa oladi. Barglari birin-ketin joylashgan, yupqa yoki qalin, ko’pincha yashil, 3-7 bo’lmali, yonbarglarga ega. Birinchi chin barg Nihol unib chiqqanidan 7-10 kun, ikkinchisi 4-5 kun keyin paydo bo’ladi. Ko’sakyaar ochilishi bilan yangi barglar chiqishi sekinlashadi, qarigan barglarning to’kilishi tezlashadi. Bosh poyada vegetasiya oxirigacha 20-25 va undan ko’proq barg hosil bo’ladi. Guli ikki jinsli, yirik; gulband, gulyonbarglar, kosacha, gultoj, changchi ustunchasi va urug’chidan iborat. G’o’za — gulshirali o’simlik; shira bezlari gul ichida va gul tashqarisida bo’ladi. Tuguncha o’rta tolali /uzalarda 4-5, ingichka tolali g’o’zolarda 3-4 uyali. Har bir uyada 5-9 va undan ko’proq urug’kurtaklari bor. Mevasi 3-5 chanoqli ko’sak, chanoq, meva bandi, gulyonbarglar, kosacha, meva qati, Markaziy urug’don, chigit va tolalardan iborat. G’o’zaning ayrim turlari (jaydari g’o’za)da ko’sak un-chalik ochilmaydi, ayrim turlarida esa chanoqlari shu qadar keng ochiladiki, hatto paxtasi yerga to’kilib ketadi. Chigiti tuxum yoki noksimon shaklda, uzunligi 0,6—1,5 santimetrgacha boradi, eng yo’g’on qismining diametri 0,5— 0,8 santimetr. Uzun, asosan, oq tolalar va ko’pincha kalta tuklar bilan qoplangan. Ekiladigan G’o’zalar tolasi uzunligi 25-55 millimetr, oson yigiriladi, chigit qobig’idan yengil ajraladi, tuklari kalta (4-6 millimetr), qalin, dag’al, chigitdan ajratish qiyin. Pishib yetilgan chigitning qobig’i to’q jigarrang bo’ladi. Dastlabki rivojlanish davrida chigitda uglevodlar ko’p bo’ladi, pishib yetilgan sayin yuqori molekulali azotli birikmalar va yog’lar to’planadi. 1000 dona chigit massasi 80-160 gramm atrofida. Biologik xususiyatlari. Chigitning hayot faoliyati boshlanishi uchun minimal harorat 10-12° hisoblanadi. Yetarli namlik, aeratsiya, yorug’lik bo’lganda harorat 13-14° da murtak una boshlaydi; chigit ekilgandan 5-7-15 kun keyin nihollar qiyg’os to’liq unib chiqadi. Nihollar unib chiqqandan taxminan bir oy o’tgach, birinchi shona hosil bo’ladi, yana 25-30 kundan keyin gul ko’rinadi. G’o’za O’zidan changlanadigan o’simlik (chetdan changlanish kamdan-kam kuzatiladi). Navning biologik xususiyatlariga qarab, gullagandan 50-60 kun keyin birinchi ko’sak pishib ochiladi. Vegetatsiya davri o’rtacha 110-145 kun davom etadi. Vegetatsiya davrida G’o’zaga (g’o’za navi va o’stirish rayoniga qarab) jami 3100°-4900° faol (1700-2200° samarador) harorat zarur. —1—2° da nihollari nobud bo’ladi. O’sish, rivojlanish va hosil to’plash uchun sutkalik o’rtacha harorat 25-30° optimal hisoblanadi. G’o’za qisqa kun o’simligi, lekin 13-15 soatlik yorug’ kunda ham normal o’sib rivojlanadi. Gullash va hosil to’plash davrida maksimal suv talab qiladi. Suvga bo’lgan umumiy talab gektariga 8-10 ming metr kubni tashkil kiladi. G’o’za sur, qumloq va o’tloqibotqoqi va boshqa har xil tuproqlarda o’sib rivojlanishi mumkin, lekin soya joy, namni yoqtirmaydi, quchli shamolga, ayniqsa, garmselga chidamsiz. Sho’rlangan tuproqlarda o’smaydi. Xo’jalik ahamiyati. G’o’za qimmatlitexnika o’simligi; G’o’zadan olinadigan mahsulotlardan to’qimachilik, tikuvchilik, kimyo, aviatsiya, avtomobil, oziq-ovqat va boshqa sanoat tarmoqlarida keng foydalaniladi. Paxta tolasidan kiyim-kechak va texnika gazlamalari tayyorlanadi. Chigitidan lingp, paxsha moyi, kunjara, shulxa, shrot olinadi. Paxta moyi (chigit tarkibida 22-29%) qimmatli oziq mahsuloti bo’lib, gliserid, E, A vitaminlari va D provitamini hamda linolat kislotaga boy. Paxta shulxasi va shroti chorvachilik uchun yuqori sifatli to’yimli ozuqa hisoblanadi. Paxta shrotidan ajratib olingan oqsilli ozuqa yosh hayvonlarga sut o’rnida beriladi. G’o’zapoyadan tsellyuloza, qog’oz, karton, mebellar uchun plita materiallari ishlab chiqarishda foydalaniladi. Barglaridan limon, olma kislotalari, o’sish stimulyatorlari olinadi, chanoqlari ksilit ishlab chiqarishga yaraydi. Yetishtirish texnologiyasi. G’o’za almashlab ekish dalalariga ekiladi, ulardan g’o’za-beda va g’o’za-don almashib ekish keng tarqalgan. Agrotexnika tadbirlari orasida kimyolashtirish muhim o’rin egallaydi. Mineral o’g’itlar normalari, ularning nisbati tuproqiqlim zonalariga, dala sharoitiga, nav va uning hosildorligiga bog’liq. O’rta tolali G’o’za 1 tonna paxta to’plashi uchun tuproqdan 50-60 kilogramm azot va kaliy, 12— 20 kilogramm fosfor; ingichka tolali G’o’za esa oziq moddalarni bunga nisbatan 20 — 25% ko’proq oladi. Mikroelementlar (bor, marganes, rux, mis, molibden), organik va mahalliy o’g’itlar ishlatiladi. Chigit ekish tuproq harorati 10 kun davomida 12-14° bo’lganda mart oxiri—aprel boshlarida boshlanadi. Ekishda tuksizlantirilgan (chigitni aniq ekish) yoki tukdor chigitlardan foydalaniladi. Qo’sh qatorlab, keng qatorlab (qator orasi 60, 90 santimetr) ekiladi. Ko’chat qalinligi tuproq sharoitlari va navning biologik xususiyatlariga qarab har gektarda 110— 170 minggacha niholni tashkil etadi. O’rta Osiyoda G’o’za faqat sug’oriladigan zonalarda ekiladi. Hosilni yig’ib olish paxta terish mashinalariga mo’ljallangan dalalarda defoliasiya yoki desikatsiya qilingandan keyin boshlanadi. G’o’za agrotexnikasining barcha kompleksi, paxtani terib olish, qisman sug’orish va boshqa ba’zi agrousullar mexanizatsiyalashtirilgan. Navlari. 20-asrning 20-yillaridan boshlab O’zbekistonda 800 dan ortiq G’o’za navlari yaratildi, shundan 130 ga yaqini rayonlashtirildi (o’rta tolali navlardan 80 ta, ingichka tolali navlardan 50 ta). 90-yildan boshlab ekilayotgan asosiy navlari: o’rta tolali g’o’za navlaridan S—4727, S—6524, 175—F, An— Boyovut 2, Namangan 77, oq oltin, Ano’zbekiston 3, Toshkent 6, Chimboy 3010, 138—F, Qirg’iziston 3, Yulduz, Buxoro 6 va boshqalar; ingichka tolali navlardan Termiz 24, termiz 31, Surxon 5, 6249-V, 9883-I, 9871-I,S-6037, 6465-V va boshqalar. Zararkunandalari: G’o’zaga umurtqasiz hayvonlarning 214 turi zarar yetkazadi, bulardan 207 tasi bo’g’imoyoqlilar, shu jumladan, 203 tasi — o’rgimchakkana, shira, kuzgi tunlam, karadrina, g’o’za tunlami va shu kabi hasharotlardir. Zararkunandalarga qarshi kurashda agrotexnik, biologik, kimyoviy, integral himoya usullaridan foydalaniladi. Kasalliklari: vertisillyoz va fuzarioz vilt, gommoz, ildiz chirishi va boshqalar. G’o’za ekiladigan maydonlarda begona o’tlarning 74 turi, chunonchi ajriq, g’umay, qo’ypechak, salomalay-qum, itqo’noq, qora kurmak va boshqalar ko’p uchraydi. Begona o’tlarga qarshi mexanik va kimyoviy usullar bilan kurash olib boriladi. Ad.: G’o’za. 1—4j.lar,T., 1957-61; Maltsev A. M ., G’o’za, uning turlari, tuzilishi va rivojlanishi, T., 1960; Rjevskiy G. K., G’o’za, T., 1951; g’o’zaning fiziologi-yasi va bioximiyasi, T., 1961; Yuldashev S.X., Regulyasiya rosta xlopchatnika s pomoshyu retardantov, T., 1977; Abdullaev A.A., Omelchenko M.V., G’o’za turlari, T., 1977; P ogosov yu ., Raqimboev O ., G’o’za o’stirishning yangi usuli, T., 1977; Lifshis E.A., Muslimov S.M., G’o’zani sug’orish, T., 1980; Vliyanie vnutren-nix i vneshnix faktorov na fiziologicheskoe i bioximicheskie prosess! xlopchatnika, T., 1981; Dariev A.S., Abdullaev A.A., Xlopchatnik: (anatomiya, morfologiya, Proisxojdenie), T., 1985; Sadmkov A.S., Xlopchatnik — chudo rastenie, M., 1985.