G’OZIY

G’OZIY, Muhammadg’oziy (18-asr ning 2-yarmi — Qo’qon — taxminan 1818) — shoir. Buxoro madrasalarida o’qigan. Qo’qondagi Madrasai Mirda mudarris, mufti bo’lgan. Akmal Xo’qandiyning yaqin do’sti. O’zbek va fors tillarida ijod qilgan. Fuzuliyni o’ziga ustoz bilgan. She’rlarining mazmuni bilan ham, dunyoga, atrof-muhitga munosabatini ko’rsatishda, badiiy san’atlardan foydalanishda ham Fuzuliy yo’li, uslubini qo’llagan. uning g’azallariga muxammaslar bog’lagan. Ko’proq lirik gazallar, ta’rix-she’rlar yozgan, devon tuzgan. Lirik she’rlarida inson qalbining kechinmalarini, orzu-istaklarini, quvonch va qayg’ularini kuylagan, chin insoniy muhabbat, go’zallik va sadoqat. insonparvarlik va adolatparvarlikni ulug’lagan. G’oziy she’rlari 18-asrning 2-yarmi — 19- asr boshlaridagi ijtimoiy hayotning haqqoniy manzarasini ko’rsatishga, adabiy hayotda mavjud bo’lgan turli yo’nalishlarning mohiyatini to’laroq yoritishga xizmat qiladi. Ijtimoiy lirikasida esa o’sha davrda hukm surgan adolatsizlikdan, haqsizlikdan, baxtsiz toleidan shikoyat qiladi (“bukuldi qomatim…”, “Devonamen…”va boshqalar). Ta’rix-she’rlari asosan ruboiy tarzida yozilgan bo’lib, ko’pchiligi shahar a’yonlari. Yirik amaldorlarning vafotiga bag’ishlangan. Didaktik mavzudagi asarlarida inson fazilatlarini yuqori tutish, hayotla kamtar bo’lish, inson qadrini yerga urmaslik, o’z qadr-qimmatini saqlash zarurligi ta’kidlangan. An’anaviy “shiru shakar” usulida musaddas va mustazod-tarje’-bandlar ham yozgan; mustazodlarining ayrimlari original usulda yozilgan. G’oziy devonining 4 qo’lyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan, ular O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inventar №121, 6117, 2296, 11) va Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg bo’limi (inventar №109) da saqlanadi. Ad.: Qayumov A., G’oziy, T., 1959; O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 4-j., T., 1978; Qayumov P., Tazkirai Kayyumiy. T.. 1998 Begali Qosimov