GRENOBL
GRENOBL — Frantsiyaning Janubi- sharqidagi shahar. Izer departamentining ma’muriy markazi. Shimoliy Alp tog’larida, Izer va Drak daryolari qo’shilgan joyda. Aholisi 156 ming kishidan ziyod (1999). Transport yo’llari tuguni. Mashinasozlik, tsement, qog’oz, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari bor. Shahar yaqinida yirik GES qurilgan. Grenoblda universitet (1339), yadro fizikasi tadqiqot instituti, badiiy muzey bor. Grenobl alpinizm va sportning qishki turlari bo’yicha musobaqalar o’tkazib turiladigan markaz. 1968 yilda qishki Olimpiada sport o’yinlari o’tkazilgan. 11 — 17-asrlarga oid me’moriy yodgorliklari saqlangan.