G’ULJA

G’ULJA, Qulja, Inin – XXRning shimoliy garbiy qismidagi shahar. Sintszyan Uyg’ur Muxtor rayonida, ili-qozoq Muxtor viloyatining markazi. Ili daryosi vodiysidagi muhim iqtisodiy markaz. Aholisi 250 ming kishidan ziyod (1990- yillar o’rtalari). Qishloq xo’jalik rayonining savdo markazi. Oziq-ovqat, to’qimachilik sanoati korxonalari, muzey mavjud. Chorvachilik mahsulotlari qayta ishlanadi. Gilam to’qiladi. Shahar yaqinidagi konlardan uran, volfram va boshqa rangli metall rudalari, asbest va grafit qazib olinadi. Shahar atrofida mevali bog’lar barpo qilingan. Shahar yangi va eski qismdan iborat: an’anaviy hovlilardan iborat va ko’chalari chiroqsiz bo’lgan mahallalar bilan bir qatorda yangi zamonaviy va ko’p qavatli imoratlar ko’p qurilgan. Turizm markazlaridan. Shahar o’rnida qadimda Lama ibodatxonasi bo’lgan. G’ulja toponimining etimologiyasi ham shu ibodatxona nomi bilan bog’liq. Biroq mahalliy xalq o’rtasida saqlanib qolgan ma’lumotlarga ko’ra, G’ulja — arxar so’zining qadimgi turkiy nomidir. Shaharda 2400— 2500 yil muqaddam misdan yasalgan arxar haykali topilgan. Bu esa G’ulja toponimining tarixi miloddan avvalgi 5-asrga borib taqalishini ko’rsatmoqda. G’ulja va uning atrofida topilgan 3 ming yillik tarixga ega arxeologik buyumlar (oltin va misdan yasalgan hayvon va odamlar haykalchalari, maishiy buyumlar va boshqalar), 2400 yillik tarixga ega mis koni shahar nisbatan yosh bo’lsa-da, bu yerda qadimdan rivojlangan madaniyat mavjud bo’lganini ko’rsatadi. Chingizxonning 2-o’g’li Chig’atoy hukmdorligi davrida shaharda hunarmandchilik rivojlandi. Jung’ariya xonligi davrida (1635— 1755) xon o’rdasi G’uljaga yaqin yerda joylashgan. Manchjurlarning Tsin imperiyasi G’uljada Sharqiy Turkistonni boshqargan o’z harbiy qo’mondoni va qo’shinlarini joylashtirgan. O’sha davrda G’ulja atrofida 6 qal’a qurilgan. 18-asrda shahar, ayniqsa, rivojlandi. 1933 yilgi “uch viloyat (ili, Tarbag’atoy, Oltoy) inqilobi” davrida G’ulja hukumat markazi edi.