G’UZOR
G’UZOR — Qashqadaryo viloyati G’uzor tumanidagi shahar (1977 yildan), tuman markazi. Yaqin temir yo’l stansiyasi G’uzor (3 kilometr). Viloyat markazi (Qarshi shahri) dan 58 kilometr Janubi-Sharqda. Aholisi 22,3 ming kishi (2005). Paxta tozalash, qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, ta’mirlash, qurilish, “Sho’rtangaz” unitar sho’ba, “Sho’rtangaz-kimyo” sanoat korxonalari, non kombinati, avtokorxona, MTP, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, avtovokzal, avtokemping, dehqon bozori va boshqalar ishlab turibdi. Umumiy ta’lim maktablari, litseylar, kasb-hunar kollejlari bor. Tuman Markaziy kutubxonasi, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog’lari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. G’uzor yonidan katta O’zbekiston trakti o’tgan. G’uzordan qarshi, Samarqand va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan.