Hakimxo’ja qozikalon
Hakimxo’ja qozikalon (1802 — Toshkent — ?) — Toshkentning so’nggi qozikaloni. 1865 yilda Rossiya qo’shinlari Toshkentni qamal qilganida shahar mudofaasi rahbarlaridan biri. Shahar rus qo’shinlari tomonidan egallangach, Hakimxo’ja qozikalon Abulqosim eshon, domla Solihbek Oxund singari nufuzli kishilar bilan M.T.Chernyayev qarorgohiga borib Toshkent shahrini idora etish xususida u bilan muzokara olib borgan (1865 yil 12 iyul). Hakimxo’ja qozikalon hamma masalada o’z xalqi manfaatlari saqlangan holda amniyatnoma tuzilishiga sababchi bo’lgan. 1866 yil Turkiston viloyati harbiy gubernatori general Romanovskiy nomiga laganbardorlar muhri bosilgan tavsifnomaga imzo chekmagani tufayli general bilan munosabati yomonlashgan. 1867 yilda fon Kaufman Toshkentga kelganida Hakimxo’ja qozikalon xususidagi ta’riflarni eshitib, uning uyiga boradi. U bilan suhbatlashib muammoli masalalarda uning maslahatlariga muhtoj ekanligini bildirgan. Kaufman usta diplomat bo’lgani uchun Hakimxo’ja qozikalondan o’z manfaatlari yo’lida foydalanmoqchi bo’ladi. Bu hiylani payqagan qozi-kalon o’z arizasiga binoan vazifasidan bo’shatiladi. Qozikalon mansabi bekor qilingach. Hakimxo’ja qozikalonning o’g’li Muhiddinxo’ja qozi Sebzor qoziligiga saylanadi va 25 yilcha bu vazifani ado etadi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi. 1-j. (Turkiston chorizm mustamlakachiligi davrida], T., 2000. Hamdam Sodiqov.