Hakimxontura
Hakimxontura, Xo’ja Muhammad Hakimxonto’ra bin Sayid Ma’sumxon (1802, Qo’qon — ?) — tarixchi olim, ma’rifatparvar. Hakimxontura ona tomondan Qo’qon xoni Norbo’tabiyning nabirasi, olimxonning jiyani; ota tomondan mashhur so’fi shayxlardan Ahmad Xojagi Kosoniy (Maxdumi A’zam) avlodidan bo’lgan. 1822 yilda Hakimxontura To’raqo’rg’onga, so’ngra Namangan va Kosonga hokim qilib tayinlangan. Keyinchalik xonning g’azabiga duchor bo’lib xonlikdan ketkazilgan. 1824 yilda Hakimxontura Orenburgda rus imperatori Aleksandr I bilan uchrashgan. U Rossiyadan keyin Turkiya, Suriya, Falastin, Misr orqali Makka va Madinaga borgan. 7 yil Misr, Arabiston va Eronda, 1830 — 31 yillar Buxoroda yashagan. Umrining so’nggi yillarida Shahrisabzda yashab, “Muntaxab attavorix” (“yilnomalar to’plami”) nomli tarixiy asar yozgan. Bu asar Buxoro amirligi va Qo’qon xonligi tarixiga oid muhim manbalardan hisoblanadi. Unda payg’ambarlar haqidagi rivoyatlar, qadimgi Eron, Arab xalifaligi, Somoniylar, saljuqiylar, Xorazmshohlar, mo’g’ullar, Temuriylar va Boburiylar davri tarixidan qisqacha ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, Buxoro va Qo’qon xonliklarining tashkil topishidan boshlab 19-asrning 40-yillarigacha bo’lgan tarixi batafsil tasvirlangan. Unda Rossiya, Arab mamlakatlari va Eronga qilgan sayohatlari natijasida olgan taassurotlari va shu jumladan, mazkur mamlakat xalqlarining turmushi, urf-odatlariga oid ma’lumotlar ham o’rin olgan. Asarning o’zbek va fors tillaridagi variantlari mavjud. Haydarbek Bobobekov.