Halimov Olimjon
Halimov Olimjon (1912, Buxoro — 1984, Nukus) — kompozitor, sozanda (g’ijjak). O’zbekiston (1957) va Qoraqalpog’iston (1982) xalq artisti, Qoraqalpog’istonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1949). O’zbekiston musiqa merosini otasi Domla Halim Ibodovdan o’zlashtirgan. Samarqandda O’zbekiston musiqa va xoreografiya instituti (1932), konservatori (1958)ni tugatgan. Toshkent viloyati kolxoz-sovxoz teatri (1941), Farg’onada ashula va raqs ansambli (1942-43)da musiqa rahbari, Qoraqalpog’iston musiqali teatrida dirijyor va musiqa rahbari (1944-68), Nukus san’at bilim yurtida pedagog (1960 yildan), O’zbekiston kompozitorlari uyushmasining Qoraqalpog’iston bo’limi raisi (1967 -77). Halimov 20 dan ortiq musiqali drama va komediyalar, “qirq qiz” vokal-simfonik poemasi, “Qoraqalpog’iston” kantatasi, syuita, qoraqalpoq xalq kuylari asosida fortepiano uchun “rapsodiya”, xor va boshqa asarlar muallifi. Ijodida qo’shiq janri ham muhim o’rin tutadi. Qoraqalpoq xalq qo’shiqlari, cholg’u kuylari va ayrim baxshilarning asarlarini to’plab, notaga olgan (“O’zbek xalq musiqasi”, 8-jild, T., 1959).