Hamidov Rustam Muhsinovich
Hamidov Rustam Muhsinovich (1949.15.7, Toshkent) — rejissyor, O’zbekiston xalq artisti (1992), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1985). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1972). 1972-93 yillar Hamza teatrida rejissyor, bosh rejissyor, 1993-97 yillar bayramlar o’tkazish direktsiyasi rahbari, 1997-2005 yillar Toshkent shahri madaniyat boshqarmasi boshlig’i. “Ko’rmayin bosdim tikonni” (I.Sulton) spektakli uning dastlabki yutug’i bo’ldi. “Qiyomat qarz”, “Shoshma, quyosh”, “kuzning birinchi kuni”, “arizasiga ko’ra”, “kurort” (hammasi O’.Umarbekovniki), “O’grini qaroqchi urdi” (Shukrullo), “Kuyov” (S.Ahmad), “olovni tashlama, Prometey” (M.Karim), “Baland qoyadagi ayollar” (Vuoliyoki), “g’iybat” (A.Salinskiy), “Alla” (T.Minullin), “Hazrati ayol” (O.Jahonova) kabi spektakllarni sahnaga qo’ygan. Andijon teatrida qo’yilgan “shohona ishrat” (V.Gyugo) spektakli rejissyorning jahon mumtoz dramaturgiyasi sohasidagi dastlabki izlanishi bo’ldi, 1984 yil E.Simonovga “Otello” spektaklini qo’yishda hamkorlik qildi va 1988 yil mustaqil “koriolan” (U.Shekspir) ni sahnalashtirdi. Hamidov sahnalashtirgan spektakllari romantik ko’tarinkiligi, mavzular xilma-xil va dolzarbligi, yumorga boyligi, hajviy o’tkirligi bilan ajralib turadi. O’zbekistonda teatrlashgan ommaviy tomoshalar turi rivojlanishida Hamidovning o’rni alohida. 1992 yildan buyon o’tkazilayotgan “Mustaqillik”, “Navro’z” kabi bayramlarning stsenariy mualliflaridan biri, rejissyori, bosh rejissyori. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989). “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan (1998).