Hamroyev Rashid Hamidovich
Hamroyev Rashid Hamidovich (1937.27.8, Buxoro – 1985.5.9, Toshkent) — kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1984). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1961). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida kafedra mudiri (1961-76), Toshkent madaniyat instituti dotsenti (1974 yildan). Yirik musiqiy-sahnaviy va simfonik musiqa janrlarida ijod qilib, “Zulmatdan ziyo” (1965), “tong oldidan” (1972), “Shayx San’on” (1980) operalari, 4 simfoniya (1965-85), fortepiano (1961), skripka (1973) va orkestr uchun kontsertlar, “Abu Ali ibn Sino” vokal-simfonik poemasi, shuningdek, torli kvartet, turli kamer musiqa asarlari, musiqali dramalar kabi milliy ohanglar bilan sug’orilgan, dramatik va lirik jozibador asarlar muallifi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1966).