Haqorat

Haqorat (jinoyat huquqida) — shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash. Beodob muomalada bo’lish turli xildagi xatti-harakatlarda, chunonchi haqoratli so’z va iboralarni aytish, bino, devorlar va fotosuratlarga haqoratlovchi yozuvlar yozish, beodob qiliqlar qilish, yuziga tarsaki urush, tupurish va hokazolarda namoyon bo’ladi. Haqorat qilish O’zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksida fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarlik sirasiga kiritilgan. Ushbu Kodeksning 41-moddasiga ko’ra, Haqorat qilish eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi. Birinchi marta Haqorat qilgan shaxslar, agar ularning qilmishlari jinoiy jazolashga tegishli bo’lmasa, ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Haqorat qilish, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilgandan keyin sodir etilgan bo’lsa, eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko’paytirilgan matnda, yoxud ommaviy axborot vositalari orqali Haqorat qilish eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Haqorat qilish jabrlanuvchi o’z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog’liq holda; xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan sodir etilgan bo’lsa — eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi (O’zbekiston Respublikasi JK, 140-modda). Haqorat qilish har doim muayyan bir shaxsga qaratilgan bo’ladi. Muayyan bir shaxsga qaratilmasdan aytilgan uyatsiz-beodob so’zlar va shu kabi xatti-harakatlar bezorilik deb baholanishi mumkin.