Harbiy asirlar
Harbiy asirlar (xalqaro huquqda) — urushayotgan tomon qurolli kuchlari (shu jumladan ko’ngilli partizan otryadlari, qarshilik ko’rsatish harakati qatnashchilari va boshqalar)ga mansub bo’lib. dushman qo’liga tushib qolgan kishilar. Harbiy muxbirlar, savdo floti va fuqaro aviasiyasining ekipaj a’zolari va boshqalar ham Harbiy asirlar bo’lishi mumkin. Harbiy asirlik maqomi quruqlikda urush olib borish qonun-qoidalari haqidagi Nizom (1907 yilgi 4-Gaaga konventsiyasiga ilova) va Harbiy asirlar bilan qilinadigan muomala to’g’risidagi Jeneva konventsiyasi (1949) ga binoan tartibga solib turiladi. Ushbu Konventsiyaning 4-moddasida kimlar Harbiy asirlar bo’lishi mumkinligi va ularning huquqiy maqomi ko’rsatilgan. Harbiy asirlarga nisbatan urushayotgan tomonlar insoniy munosabatda bo’lishlari lozim. Ularni o’ldirish, jismoniy ziyon etkazish, ular ustida ilmiy yoki tibbiy tajriba o’tkazish man etiladi. Harbiy asirlar vaqtincha dushman qo’lida hisoblanib, dushman tomoni ularning taqdiriga to’liq javob beradi. Harbiy asirlar faqat o’zining ism-sharifi, unvoni, tug’ilgan vaqti va shaxsiy raqamini aytishga majbur, ular qandaydir ma’lumotlar olishga majbur qilinmasligi lozim. Harbiy asirlar o’z mehnatiga haq olishi, hayot uchun xavfli va qadr-qimmatni pastga uruvchi ishlarga jalb etilmasligi kerak. Harbiy asirlar o’zlari uchun maxsus mo’ljallangan lagerlarda joylashtirilishi mumkin. Ular oziq-ovqat, kiyim-kechak va tibbiy yordam bilan ta’minlanishlari lozim. Harbiy asirlarga yakka tartibda intizomiy va jinoiy jazo qo’llanishi, lekin faqat bir qilmish yoki jinoyat uchun bitta jazo belgilanishi mumkin. Harbiy asirlarning qochib ketishi jinoiy xatti-harakat emas, agar u muvaffaqiyatli amalga oshmasa, Harbiy asirlar faqat intizomiy jazoga tortiladi. Urush tugagandan so’ng davlatlar barcha Harbiy asirlarni maxsus kelishuvlar asosida umumiy repatriatsiya tartibida doimiy yashash joylariga qaytarishlari lozim. Qisman repatriatsiya urush tugagunga qadar ham o’tkazilishi mumkin. “Xalqaro qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilishga taalluqli” (1949 yil 12 avgust) Jeneva konventsiyalariga 1977 yil 8 iyundagi I qo’shimcha protokolda Harbiy asirlar tushunchasi urush olib borish usullarini hisobga olgan holda kengaytirilgan (43-modda) hamda Harbiy asirlar maqomi berilishining kafolatlari mustahkamlangan (44, 45 va 77-moddalar). O’zbekiston Respublikasi 1949 yilgi Jeneva konventsiyalari va 1977 yilgi ularga qo’shimcha protokollarga 1993 yilda qo’shilgan. Mamlakatimizning mazkur xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilishi barcha fuqarolar zimmasiga xalqaro gumanitar huquq qoidalariga rioya etish, shuningdek, ana shu shartnomalarga amal qilinishini ta’minlash mas’uliyatini yuklaydi. Ad.: Xalqaro gumanitar huquq: Jeneva konventsiyalari to’plami, T.. 2002; Xalqaro gumanitar huquq. Insonparvarlik va xayrixohlik muammolari instituti (mas’ul muharrir A.X. Saidov), T., 2000.