HARBIY HOLAT

HARBIY HOLAT — favqulodda vaziyatlarda (urush, tabiiy ofat, va h.k.) o’rnatiladigan va davlat mudofaasi yoki jamoat tartibi, davlat xavfsizligini ta‘minlash uchun favqulodda chora-tadbirlarni qo’llash bilan ajralib turadigan alohida huquqiy rejim. Harbiy holatning belgilari: joylarda harbiy hokimiyat vakolatlarining kengayishi; davlat organlarining mudofaa, jamoatchilik tartibi va davlat xavfsizligi borasidagi funksiyalarning oliy harbiy qo’mondonlik qo’liga o’tishi; fuqarolar zimmasiga mamlakat mudafaasi borasida qo’shimcha majburiyatlarning yuklanishi; aholi uchun ba‘zi cheklashlarning kiritilishi (masalan, komendantlik soati); muayyan hududlarga borish (va u yerdan chiqish) ning taqiqlanishi. Harbiy holat uni joriy etishga vakolatli davlat organining qarori bilan alohida holatlarda (harbiy harakatlar boshlanganda, ommaviy tartibsizliklar ro’y berganda va h.k.) o’rnatiladi. Harbiy holat ayrim joylarda ham, butun mamlakat hududida ham e‘lon qilinishi mumkin. Harbiy holat paytida harbiy idoralarga mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va jamoat muassasalari va tashkilotlariga farmoyishlar berish huquqi beriladi. Harbiy ma‘murlarning buyruq va farmoyishlariga bo’ysunmaganlik uchun harbiy davr qonunlari bo’yicha kuchaytirilgan javobgarlik belgilanadi. Fuqarolarning bir qancha huquqlari cheklanib turiladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93- moddasi 18-bandiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining Prezidenti O’zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug’ilganda urush holati e‘lon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig’iga kiritadi. O’zbekiston Respublikasining «Mudofaa to’g’risida»gi qonuni (1992-yil 3-iyul) bo’yicha Oliy Bosh qo’mondonning vazifalari Harbiy holat e‘lon qilinishi bilanoq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklanadi. Uning huzurida Mudofaa Kengashi tuziladi. Kengash harbiy davrda Qurolli Kuchlarga va xalq xo’jaligiga rahbarlik qiladi. Harbiy holat tartibi qonunlar bilan belgilanadi.