Harbiy intizom
Harbiy intizom — barcha harbiy xizmatchilarning qonun. Harbiy nizomlar, komandirlar (boshliqlar) buyruqlari bilan belgilangan tartib va qoidalarga qat’iy va aniq rioya etishi. O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida Harbiy intizom har bir harbiy xizmatchining O’zbekiston Respublikasini himoya qilishga bo’lgan harbiy burchi va shaxsiy mas’uliyati, o’z xalqiga mislsiz sadoqatini his qilishga asoslanadi. Harbiy intizom harbiy xizmatchidan harbiy qasamyodga sodiq bo’lishni, O’zbekiston Respublikasi qonunlari va Konstitutsiyasiga qat’iyan bo’ysunishni; o’z harbiy burchini mohirlik va jasorat bilan bajarishni; harbiy ishni sidqidildan o’rganishni; harbiy va daatat mulkini asrashni; harbiy xizmat qiyinchiliklarini mardonavor engishni, harbiy burchni bajarish uchun o’z jonini ham ayamaslikni; sergak bo’lishni, harbiy va davlat sirlarini qatiy saqlashni; harbiy xizmatchilar o’rtasidagi harbiy nizomlarda ko’rsatib berilgan o’zaro munosabatlarni qo’llab-quvvatlashni, jangovar birodarlikni mustahkamlashni; komandirlarga (boshliqlarga) va bir-biriga hurmat ko’rsatish, harbiy salomalik va xushfe’llik qoidalariga rioya qilishni; jamoat joylarida o’zini munosib tutishni, nomunosib xatti-harakatlardan o’zini va boshqalarni tiyib qolishni va fuqarolarning or va nomusini himoya qilishni talab etadi. Harbiy intizom har bir harbiy xizmatchining xizmat vazifalariga ongli ravishda munosabati, yuksak huquqiy madaniyati asosida shakllanadi. Harbiy intizomning umumiy va aniq qonun-qoidalari 1996 yil 9 okt.da O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo’mondoni tomonidan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi qurolli kuchlarining intizom Nizomi” asosida belgilab berilgan. Intizom Nizomi talablarining bajarilishini nazorat qilish komandir (boshliqlar) zimmasiga yuklatilgan.